AMAZONAS
AMAZONAS, Amazonka — Braziliyaning eng yirik, lekin aholi siyrak shtati. Mamlakatning shimoliy-g’arbida. Maydoni 1567,9 ming kilometr kvadrat, aholisi 21,1 million kishi (1991). Ma’muriy markazi va yagona yirik shahri — Manaus. Amazonas asosan Amazonka pasttekisligida joylashgan. Aholisining ko’proq qismi metislar. Bir qancha indeys qabilalari ibtidoiy jamoa davri sharoitida sernam o’rmonlarda yashaydi. Lateks (yovvoyi geveya daraxtining sharbati — kauchuk), Braziliya yong’og’i va boshqa mevalar yig’ish, qimmatbaho yog’ochlar tayyorlash, yog’ochdan xushbo’y moylar olish Amazonas qishloq xo’jaligining asosini tashkil etadi. Dehqonchilik sust rivojlangan, hammasi bo’lib bir necha o’n ming gektarga bir necha xil ekin (sholi, maniok, banan va boshqalar) ekiladi. Ozroq miqdorda neft qazib olinadi. Manausda bir necha sanoat korxonalari (yog’ochsozlik, gugurt, oziq-ovqat) va neftni qayta ishlovchi zavod bor.