AMIR TEMUR BOG’LARI
AMIR TEMUR BOG’LARI – Amir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bog’lar. Amir Temur bog’lari xususidagi dastlabki ma’lumotlar o’tmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, Amir Temur bog’lari O’rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan. Amir Temur bog’lari tuzilishiga ko’ra 2 turga bo’lingan: 1) chorbog’lar — geometrik (to’rtburchak, to’g’ri to’rtburchak) shaklda bo’lib, har tomoni taxminan 1 kilometr masofaga cho’zilgan. Sahnidan o’tgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland paxsa devorlarning har burchagida minora bo’lgan. Markazda saroy joylashgan. Bunday bog’larning darvozalari shahar tarafga qaratib qurilgan; 2) tuzilishi geometrik shaklda bo’lmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bag’rida barpo etilgan bog’lar. Bunday bog’lar hukmdor shikor (ov) qilishi uchun mo’ljallangan bo’lib, asosiy qismi tabiiy, qo’l tekkizilmagan holda saqlangan. Ularning kichik bir qismigagina dam olish uchun saroy, ko’shk va chodirlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralar o’rnatilgan. Bu turdagi bog’larning o’simlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy bo’lgan. Amir Temur bog’laridan eng mashhurlari quyidagilar; Bog’i Baland. Amir Temur Samarqandning shimolidagi Cho’ponota maqbarasi yaqinida nabirasi (Mironshohning qizi) ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar bog’chilik san’ati ustalari hamda me’morlari qatnashgan. Bog’ o’rtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr bo’lib, uning atrofidagi uzumzor, anjirzor va olmazorlar boqqa go’zal bir tarovat baxsh etib turgan. Bog’i Behisht. Amir Temur Samarqandning g’arbida suyukli xotini Tumanog’a (Xayrunniso)gaatabqurdirgan (1378). Yozma manbalarda «Bog’i Jannat» nomi bilan ataladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, bog’o’rtasidagi atrofi xandak bilan muhofaza etilgan sun’iy tepalik ustida Tabriz oq marmaridan kurilgan hashamatli saroy bo’lgan. Saroyga bir necha ko’tarma ko’priklar orqali kirilgan. Saroyning bir tarafida hayvonot bog’chasi ham bo’lgan. Bog’i Davlatobod. Amir Temurga Hindiston yurishidan qaytgan kuni (1399 yil 22 aprel) hadya qilingan. Arxeologik tadqiqotlar (I. A. Suxarev, 1936 va O’. Alimov, 1967) ga ko’ra, u Samarqanddan 13 kilometr Janubda, katta O’zbekiston traktining chap tomonida bo’lgan. Amir Temur bu bog’da zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, tantanali marosimlar o’tkazgan, elchilarni qabul qilgan. Arxeologik qazishlar natijasida bog’ning 1350×900 metr maydonni egallagani, atrofi baland paxsa devor bilan o’ralgani va unda ariqlar, 4 hovuz (biri 62×28 metr, ikkitasi 25×25 metr, yana biri 32×32 metr) hamda saroy (poydevori 70×70 metr) bo’lgani aniqlandi. Saroy sun’iy tepa (balandligi 12 metr) ustiga qurilgan, atrofi xandaq (eni 20 metr) bilan o’ralgan. Unga 2 ta ko’tarma ko’prik orqali kirilgan. Bog’i Dilkusho (ko’ngil ochuvchi bog’). Amir Temur xotinlaridan biri — To’qalxonim sharafiga qurdirgan (1397). Samarqanddan 5 kilometr Sharqda, Panjakent yo’lining o’ng tomonida (qadimgi Hinduvon qishlog’i o’rnida) joylashgan. Har tarafi 900 metr uzunlikdagi baland paxsa devor bilan o’ralgan, 4 darvozasi, markazida hashamatli saroy bo’lgan. Saroy uch qavatli bo’lib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Amir Temur olib borgan urushlardan lavhalar chizib qo’yilgan. Amir Temur Ispaniya elchisi Rui Gonzales de Klavixoni ana shu bog’da qabul qilgan. Bu bog’ o’rnida hozir Dilkusho qishlog’i joylashgan. Bog’i Jahonnamo (Jahon ko’zgusi). Amir Temur Samarqanddan 7 farsax (42 km) narida, Zarafshon tog’i etagida qurdirgan (1398). Unda saroy va qal’a bo’lgan. «Zafarnoma»da yozilishicha, bu bog’ning hududi benihoyat katta bo’lib, yo’qolib qolgan ot 6 oydan so’ng topilgan ekan. Bog’i Maydon. Amir Temur Samarqandning shimolida, Cho’ponota tepaligi etagida qurdirgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, bog’da hashamatli bir ayvon (ko’shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo’lgan. Mirzo Ulug’bek bu bogni yanada obod qilgan. Bobur shu haqda bunday deb yozadi: «bu bog’ning o’rtasida (Ulug’bek) bir oliy imorat qilibdur. Chil(qirq) sutun derlar, du (ikki) oshyona (kavat), sutunlari tamomi toshdin. Bu imoratning to’rt burchida to’rt manordek Burjlar qo’poribturlarkim, yuqorig’a chiqar yo’llar bu to’rt burjdindur. O’zga tamom yerlarda toshdin sutunlardir. Ba’zini morpech xiyora (burama, ko’pqirrali) qilibturlar. Yuqorigi oshyonaning to’rt tarafi ayvondir, sutunlari toshdan. O’rtasi chordora uydir. Imorat kursisini tamom toshdan farsh qilibdirlar». Bu bog’ o’rni hozir ham bog’i maydon deb ataladi. Bog’i nav (yangi bog’). Amir Temur Samarqandning Janubida qurdirgan (1404). Lolazor qishlog’i o’rnida joylashgan. Bu bog’to’rtburchak shaklda bo’lib, atrofi baland paxsa devor bilan o’ralgan, har burchagida minora qad ko’tarib turgan. Markazida boshqa bog’lardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida hovuz bo’lgan. Bog’i Chinor. Amir Temur Samarqandning sharqida (Konigilning Janubiy-G’arb tarafida, hoziri «Qo’sh tamg’alik» tepaligi o’rnida) barpo qildirgan (1404). Unda chinorlar ko’p bo’lgan. Markazida xochsimon tarxli saroy joylashgan. Bog’i Shamol. Amir Temur 1397 yil nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Samarqandning g’arbida bo’lgan. Undagi saroy to’rtburchak shaklda bo’lib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlariga marmar qoplanib, sahni qora yog’och va fil suyagidan ishlangan. Bu bog joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham «Bog’i shamol» deb ataladi. Samarqand atrofida bulardan tashqari yana bir qancha bog’lar bo’lgan. Chunonchi, Bog’i Bo’ldu, Bog’i Zog’on, Bog’i Naqshi Jahon, Bog’i Amirzoda Shohrux, Bog’cha, Bog’i Dilafro’z, Bog’i Sheron, Gulbog’, Lolazor, Bedana qo’rug’i, Chumchuqlik, G’ozxona va boshqalar shular jumlasidandir. Amir Temurning bog’ qurish an’anasini temuriylardan Shohrux, Ulug’bek, Bobur va boshqalar ham davom ettirishgan. O’tkir Alimov.