Amir Temur sajiyasi, siyratiga chizgilar

Sohibqiron Amir Temurni o’z ko’zi bilan ko’rgan arab tarixchisi Ibn Arabshoh yozadi:

“Amir Temur …tengi yo’q fe’l-atvorli, teran mulohazali, uning tafakkur dengizining qa’ri yo’q. Amir Temur baland qadli, uzun bo’yli, tik qomatli, qadimiy pahlavonlar avlodidan bo’lib, keng peshonali, katta boshli, g’oyatda kuchli salobatli, bo’la, rangi oqu qizil yuzli, dog’siz, qo’l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo’g’on, poychalari semiz, sersoqol, o’n oyoq-qo’li cho’loq va shol, ikki ko’zi bamisoli ikki shamdek bo’lsa-da, shodligi bilinmas, ovozi yo’g’on edi: u o’limdan qo’rqmas, yoshi yetmishga yetgan bo’lsa-da, iztirobsiz, vazmin. Badani to’la va pishiq, xuddi zich (qalin) tosh misoli qattiq edi. U hazil-mazax, yolg’onni yoqtirmas, o’yin-kulgi-yu ko’ngilxushlikka maylsiz, garchi so’zda o’ziga ozor yetadigan biror narsa bo’lsa hamki, sadoqat unga yoqar edi; u bo’lib o’tgan ishga aziyat chekmas va o’ziga hosil bo’ladigan yutuqdan shodlanmas edi… Ko’pincha uning majlisida uyatsiz so’zlar, qon to’kish, asir olish, naqbu g’orat qilish va haram (haqiga) haqorat gaplar bo’lmasdi. U bexato (nishonga urguvchi) fikrli, ajoyib farosaatli, mislsiz darajada baxtli, ulug’vorligi o’ziga muvofiq, qat’iy azm bilan so’zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo’y kishi edi…”.

Amir Temur sayidu shariflarni hurmat qilar, ulamo-yu, fozillarga yuksak izzat ko’rsatar, qadriga yetar, qo’lidan bir ish keladigan jamiki usta-hunarmandlardan, kasb egalaridan mehrini darig’ tutmasdi.

Tarixchilarning guvohlik berishlaricha, dunyoning eng yetuk olimlari, tarixchilari uning suhbatdoshlari bo’lishgan, tarix haqidagi kitoblarni o’qishni va u haqdagi hikoyalarni tinglashni nihoyatda xush ko’rgan. Saltanat yumushlaridan xalos bo’lgach, har oqshom ulamo va fozillarni huzuriga chorlab, fan va dinning nozik jihatlaridan suhbatlar qurar, bahslar uyushtirar, teran savollar berib olimlarni o’ylantirib qo’yardi. Chuqur bilimi-yu zukkoligi, turfa davlatlar va ularning podshohlari tarixini yaxshi bilishi bilan Ibn Xaldunday ulkan olimni hayratga solganini aytadilar.

Ahdida qat’iy turadigan, ishonuvchan, kechirimli, hayotga jo’shqin mehr qo’ygan, zavq-shavqqa tashna, hamma narsadan xabardor, g’oyat qattiqqo’l, hech narsa rahna sololmaydigan kuchli irodaga ega Sohibqiron shikor qilishni, shatrang (shaxmat) o’ynashni yaxshi ko’ra, lekin har bir shikorga, shatranj o’yiniga avvalo bo’lajak janglar mashqi sifatida qarardi.

Donishmand ota, suyukli yor, ahli ayoliga mehribon, me’yorni bilgan, nafsni jilovlay olish qudratiga ega bo’lgan Sohibqiron o’z vaqtini ayshu ishrat bilan o’tkazishiga himmati qo’ymas, bir ishni boshlasa, oxiriga yetkazmaguncha tinchimas edi.

Amir Temur yigirma uch yoshlarida qamoqqa tushib qolganida, qutulib ketishdan umidini uzib, dunyodan ko’ngli sovidi. Ittifoqo, shu palla darchadan tashqariga chiqmoqchi bo’lib devorda o’rmalab ketayotgan chumoliga ko’zi tushdi va kuzata boshladi. Chumoli darchaga yetay degandaa pasta yumalab tushib ketdi. u hech narsa bo’lmaganday yana yuqoriga intildi. Yana qulab tushdi… Bu hol ko’p takrorlandi, ammo chumoli o’rlayverdi, o’rmalayverdi, tinchimadi, oxiri darchadan tashqariga chiqib ketishga erishdi!

Temurbek o’z-o’ziga dedi: “Yo rab! Men shu chumolichalik ham bo’lolmaymanmu?!..” Bu narsa unga qattiq ta’sir qildi-yu g’ayrat o’tini alanglantirdi. U tadbir ishlatib qamoqdan qutilib ketdi. Bu voqea umrbod uning esidan chiqmadi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishiga qaraganda, “Bu podshohi komkor og’zini jog’ir sori eltmadi va bir dam itoatu ibodat fikridin o’zga kechmadi. Va muttasil ishi Qur’on o’qumoq va faqiru miskinning g’amini yemoq edi…”