Amir Temurning vafot etishi

Sohibqiron Amir Temur Xitoy safariga borayotib 1405 yil 11 fevral kuni O’tror shahriga yetganda qattiq og’rib qoldi va isitmasi ko’tarila boshladi. Kasallik kundan-kun kuchayardi, ammo Sohibqironning es-xushi, aqli joyida edi. Sohibqiron o’zining barcha gunohlari uchun tavba qildi. U haram ahlini va ulug’ beklarni huzuriga chorlab vasiyatga og’iz ochdi: “…Hazrat Haqqdin umidim borki, agarchi gunohim ko’b turur, ammo bu jihatdin menga rahmat qilg’aykim, zolimlarning eliklarin mazlumlardin qisqa qilibdurmen. Va qo’ymadimkim, mening davrimda qaviydan (zo’ravondan) zaif kuch yegay. Emdikim, Pir Muhammad Jahongirkim, valiahd qilibmen va o’rnumga qoyimmaqom etibmenkim, Samarqand viloyati aniki bo’lgay… Anga mute bo’lub, ittifoq bila aning ishiga mashg’ul bo’lg’aysiz, to olam buzulmag’ay va musulmonlarga tashvish va zahmat bo’lmag’ay…

Ra’oyo va fuqarou miskin holatidin gofil bo’lmag’aysiz… Nechukkim men adlu ehson bila olamni obod etibmen… Agar mening vasiyatim bila amal qilib, adlu dod qilsangiz, ko’b yillar davlat va mamlakat sizlarda qolg’usi turur. Va agar sizlar arosida muxolifat bo’lsa, yaxshi bo’lmag’usidur…”

Sohibqiron Amir Temur Ko’ragon 1405 yil 18 fevral chorshanba kuni sha’von oyining o’n yettisida, namozshom va xufton orasida jon omonatini o’z egasiga topshirdi…

Amir Temur Samarqandda Amir Temur maqbarasiga dafn etilgan.

***

Amir Temur Ko’ragon milodiy 1336 yil 9 aprel kuni tavallud topdi.

Milodiy 1370 yil 9 aprel kuni 34 yoshida davlat boshiga keldi.

Podshohlik masnasida 36 yil o’ltirdi.

O’g’lonlar va nabiralar soni ham – 36 kishi edi.

Sohibqiron naslidan 36 podshoh va podshohzodaga davlatni boshqarish nasib etdi.