Amir Temur – xalq xaloskori
XIV asrning 50-60 yillarida o’lkada parokandalik avj olib keng mehnatkash ommaning ahvoli yanada yomonlashdi. Shunday sharoitda Temur siyosiy maydonga chiqdi hamda vatan mustaqilligini tiklash uchun u nihoyatda mashaqqatli va xavf-xatarli yo’lni bosib o’tdi. Shunisi diqqatga sazovorki, Temur yoshligidanoq aql-idrokli, jasoratli va kelajagi porloq siymo sifatida tanildi. O’rta asr muallifi Mavlono Lutfilloh Nishaburiy so’ziga ko’ra Temur 7 yoshligida otasi Tarag’ay bilan qarindoshlarinikiga borgan. Bu kishi ko’pdan-ko’p mollarga va qullarga ega bo’lib, doimo xavotirlikda yashar ekan. U Tarag’ay debdi: “Xudo menga ko’p molu davlat berdi, lekin uni saqlashga ojizman, qullarim sabr-toqatli emaslar, farzandlarim salohiyatsiz. Shu sababdan molu-dunyoyimga nuqson yetmasin deb qo’rqaman”. Temur gapga aralashib debdi: “Ey ota, farzandlaringga mollaringni bo’lib ber va undan so’ng ularni o’z mol-mulklariga dahl qilgilkim, ular o’z-o’zi bilan ovora bo’lsin. So’ng turk qullarini hind qullarinign tepasiga qo’ygilkim, hindlarni o’z amr-farmonlariga bo’ysindirsinlar. Keyin har uch qulni ulardan aqlliroq bu qulning ixtiyoriga topshir. So’ng ularni har birini yettitadan amiri qil. Keyin yetmish qulga bosh bo’lgan ana shu yetti qulni bir-birining ta’zim va tasviriga buyur. Ularni ko’zdan qochirma, chunki bir-birlari bilan ko’p suhbatlashadi. O’sha kishi Temurning aql-zakovatiga qoyil qolib uning otasiga debdi: “…Sening bu farzanding jahonga podshoh bo’ladi, chunki buni uning shu gaplaridan fahmlab turibman…” So’ng siyohdon va qalam hozirlab o’sha suhbatda Temurdan xat yozdirib oldiki, bunda “uning farzandlari, zurriyodi va yaqinlaridan xiroj olmasin: ularning gunohlarida o’tsinlar: uning qavmi tarxon qilinsin”. Buni qarangki Temur taxtga chiqqandan keyin va’daga muvofiq o’sha badavlat kishining avlodlariga tarxon unvonini beradi. Umuman aytganda Amir Temurning aql-idroki, farosati, mardligi va jasorati yuksak adab-axloqi bolalik kezlaridayoq jamoa ahliga ayon bo’lgan edi.
Mo’g’ullar uzoq vaqt davomida og’ir soliqlar solib aholini tinkasini quritganlar. Temur ajnabiy bosqinchilarning shafqatsiz zulmi va azob-uqubatlarinign jonli guvohi bo’lib qanday bo’lmasin vatanni ulardan ozod qilishga ahd qilgan. Buni “Temur tuzuklari”da keltirilgan ma’lumotlar yaqqol ko’rsatib turibdi. Mo’g’ul xoni Qazag’on o’lgandan keyin (1358 y.) Movarounnahrda o’zaro chiqishmovchilik va tarqoqlik zo’raydi. U yoki bu viloyatdagi mo’g’ul hokimlari yakkahokimlik uchun o’zaro kurash olib bordilar.
1360 yilda Yettisuv va Sharqiy Turkiston hokimiyatning tepasida turgan mo’g’ul xoni Tug’luq-Temur Movarounnahrni buysunirish uchun harbiy yurish boshlaganligi ma’lum bo’ldi. Bu to’g’risida Temur shunday deydi: “Tug’luq-Temurxon (sarkardalari) Bekchik va Xojibek Erkinit va ulug’ Tuqtemir Kerayt va Jetening boshqa amirlardan uch favj (qism) qo’shin tuzib, ularni Movarounnahr mamlakatini talon-taroj qilish uchun yuborganligi, o’sha uch favj qo’shin Huzor degan joyga kelib tushganligi xabari qulog’imga yetdi. Shunda Tug’luq-Temurxonni borib ko’rishdan ilgari bu ochko’z amirlarni mol-dunyo bilan aldab Movarounnahr viloyatini qatli g’oratdan qutqarib qolishga qaror qildim. Tilga olingan amirlarni ko’rganimda ularni haybatim bosdi shekilli, ko’p hurmat ko’rsatib, meni ortiqcha siyladilar. Sovg’a-sovrin yo’sinda ularga berilgan har turli tansiq mollar ko’zlariga ko’p ko’rindi va Movarounnahrni bosib olish va talon-taroj qilish niyatidan qaytdilar. So’ng to’g’ri borib Tug’luq-Temurxon bilan ko’rishdim. Xon kelishimni yaxshilikka yo’yyib, (saltanat ishlarida) mendan kengash so’radi. Ko’rsatgan kengashlarimni to’g’ri deb topib qabul qildi. Shu asnoda Tug’luq-Temurxonga xabar keltirdilarki, (yuqorida aytilgan) uch favj qo’shin amirlari, yerlik xalqdan naqd pul sovrinlar olib, ular bilan kelmishlar. Xon shu ondayoq mol-mulk va naqd pullarni qaytarib olish uchun odam tayin qildi va amirlarni bundan buyon Movarounnahrga borishlarini man etdi. Mansablaridan bo’shatdi. O’rinlariga Xoji Mahmudshoh Yasavuriyni tayin qildi.
Bu haqda amirlar xabar topgach, dushmanlik bayrog’ini ko’tarib, yurtlariga qaytib keldilar. Yo’lda xonning devon begisi va bosh maslahatchisi O’g’lonxo’jani uchratdilar. Uni ham o’zlariga og’dirib olib Jete tomon yuzlandilar. Aynan shu vaqtda Tug’luq-Temurxonning Dashti Qipchoqdagi amirlari ham isyon tig’ini ko’targani haqida xabar olindi. Bundan xon tashvishga tushdi. U mendan maslahat so’radi va Jete tarafiga qarab yo’l oldi. Movarounnahrni esa menga qoldirildi va bu xususida yorlig’i ahdnoma yozib berdi. Amir Qorochor no’yonning Movarounnahrdagi tumanini ham menga topshirdi. Men butun Movarounnahr viloyatiga, to Jayhun daryosining sohillarigacha yerga hukmron bo’ldim. Davlat, va saltanatimning boshlanishida eng oldin qilgan kengashim shul edi”.
Ko’rinib turibdiki, Temur mo’g’ullarni ochko’zlikda va bag’ritoshlikda ayblab, aholini ularning talon-tarojidan ozod qilishni maqsad qilib qo’ygan. U bilimdonlik va tadbirkorlik bilan ish yuritib o’z maqsadiga erishgan va hokimiyatni qo’lga kiritgan. U bu vaqtda 26 yoshda edi. Biroq, Temurning hokimligi uzoqqa cho’zilmadi. 1361 yilda Tug’luq Temur Movarounnahrga qo’shin tortib kelib, hokimiyatni Temurdan olib o’z o’g’li Ilyosxo’jaga berdi. Temur esa bosh qo’mondonlik vazifasiga tayinlandi. Shundan keyin mo’g’ullarning zulmi va zo’ravonligi yanada kuchayib ketdi. Ular islom dinini ham oyoqosti qildilar. Ularning hukmdorlarini talay qismi sirtdangina dinga o’zlarini moyilligini namoyish etib, amalda budda diniga sodiq bo’lib qolaverdilar. “Temurnoma”da yozilishicha Amir Qazag’on (1346-1358) 40 kun ichida yuzlab mullalarni o’ldirib din peshvolarini jazolagan. Uni maktab va madrasalarni xarobaga aylantirishi orqasidan o’quvchilar tarqalib ketganlar. Manbada dinni achinarli holati haqida quyidagi bayt keltiriladi.
Qizil qon bo’lub mavji to’fonlar, Shahid o’ldirdilarkim aziz jonlar. Ketub arbobi din, chu islomdin, Alar ichra tushti ajab kibru kin. Jaloyi vatan bo’ldi ustodlar, Din ahli xafadur, kuffor shodlar. Kalisoyu buxtonalar zeb ilan, Berib necha oroyu tortib ilan, Bo’lub madrasayu masjid xarob, Musulmon parishonu hayron sob, Shariat chirog’i qolibdur o’chib, Shariatning talabi har yon qochib, Musulmon barisi g’amu qayg’uda.
Qazag’onning islom diniga nisbatan dushmanligi xalqning nafratini qo’zg’atgan. Xususan, Buxoro ahli “bizlar yarog’ va aslaha olib, jonimizdan kechduk, zolim ila jang qilurmiz” – deyishib bosh ko’targanlar. Olomon orasidan Inoq ismli kishi Qazag’onga tosh otib boshini yorgan. Buni orqasidan u o’lganligi haqida ma’lumot mavjud. Bosqinchilar mol-mulklarni talash va odamlarni o’ldirishdan tashqari nufuzli kishilarni asirlikka olgan. Masalan, ular tomonidan yetmishta sayid va sayidzodalar olib ketilgan edi.
Temur ularning zulmiga qarshi kurashib, sayidlarni, mazlumlarni zolimlardan xalos qilgan. Uning bunday harakatlari aholining barcha toifalarini fikri-zikrini ifoda etardi. Shuning uchun ham ular ozodlik kurashida Temurga katta umid va ishonch bilan qaradilar.
“Movarounnahr aholisi mening bu ishimdan xabar topishi bilanoq, – deb yozadi Temur, tezda (mo’g’ullarga) hujum qilishim kerakligi haqida istak bildirdilar. Chunki ularning qalbi zolim (mo’g’ullar) toifasidan butunlay bezigan edi. Movarounnahrning aholisining kattayu-kichigi menga birlashdi. Mamlakatning ulamo va mashoyixlari esa (Mo’g’uliya) toifasini daf qilib yo’qotish haqida fatvo yozib berdilar. Ulus amirlari va qo’shin boshliqlarining ba’zilari ham bu ishga qo’shilib, bizga birlashdilar. Bu to’g’rida yozgan ahdnoma va fatvolarning nusxasi bu edi: “To’g’ri yo’llik xalifalar, Alloh taolo ularning jamisidan mamnun bo’lsin, tutgan yo’llariga va qilgan ishlariga muvofiq Movarounnahrdagi butun aholi islom, sipohu raiyat yoxud ulamo-yu mashoyix bo’lsin, Amir Temur izzatu-ikrom ko’rsatib, uni Amir Temur Qutbi saltanati Oliy deb atasinlar va uni Allohning (yerdagi) qudrati – saltanat taxtiga loyiq ko’rsinlar. Musulmonlarning yeri, nomusi, mol-mulki hamda joniga zulm-sitam qo’lini cho’zgan (mo’g’ullar) toifasini daf qilishda va umuman yo’qotishda Temurga (yordamlashish uchun) o’z mol va jonlarini (ayamay), tirishib harakat qilsinlar. Biz o’z ahdu-bay’atimizga sodiq qolurmiz. Agar bergan ahd-paymonimizdan qaytsak Allohning qudratiyu-quvvati va yordamidan chiqib, shayton qudrati va yordami yo’liga kirgan bo’laylik”. Bu fatvoni menga ko’rsatganlaridan keyin jangu-jadal bayrog’ini ko’tarib, (mo’g’ullar) ustiga lashkar tortishga qaror qildim va mazlumlar haqqini zolimlardan olmoqchi bo’ldim. Lekin bir necha razil kishilar bu sirni fosh qilib qo’ydilar”.
Binobarin, Temur aholining barcha toifalari tomonidan ajnabiylarga qarshi kurashning ramzi va sardori sifatida tan olingan edi. Shuning uchun ham Tug’luq-Temurxon uni yashirincha o’ldirish haqida ko’rsatma bergan edi. Natijada Temur hayoti xavf ostida qoldi. Shu bois u Samarqanddan ketishdan boshqa iloji qolmadi.
1361-1366 yillarda Amir Temur ayrim mo’g’ul hukmdorlari bilan murosa qilishga majbur bo’ladi. Xususan u dastavval Tug’luq Temur, so’ngra Amir Xusaynlar bilan hamkorlikda ish yuritadi. Ayniqsa Amir Husayn bilan aloqasi qizg’in tus olgan. Ma’lumki, u Amir Husaynning singlisi – O’ljaoy Turkanga uylanib, qarindoshchilik yuzaga kelgan edi. Mo’g’uliston xonlari Amir Temurni ham, Amir Husaynni ham umumiy dushmani hisoblangan. Bu holat ham ularni bir-birlariga zid edi. Chunonchi Amir Temur hali yetarli harbiy kuchga ega bo’lmaganligi uchun Amir Husayndan foydalanib, ashaddiy dushman Mo’g’ulistonga, xususan Ilyosxo’jaga zarba berishni o’ylagan. Amir Husayn ham unga tayangan holda o’lkada yakkahokimlikni qo’lga kiritishni maqsad qilib qo’ygan. Shu tariqa Amir Temur sharoit taqozosiga ko’ra dushmanlar bilan vaqtinchalik murosa qilishni lozim topgan.