AMITOZ

AMITOZ (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va mitoz) — yadroning xromosomalar hosil qilmasdan to’g’ridan-to’g’ri bo’linishi. Amitoz hujayraning bo’linishi yoki tsitoplazma bo’linmasdan faqat yadroning bo’linishi, ya’ni ikki va ko’p yadroli hujayraning hosil bo’lishi bilan sodir bo’lishi mumkin. Amitoz odatda ixtisoslashgan, o’lib ketadigan hujayralar, ayniqsa sut emizuvchilar murtagi pardasi hujayralari uchun xos. Amitozga uchragan hujayralar keyinchalik mitotik usulda ko’payish qobiliyatini yo’qotadi. Keyingi tadqiqotlar Amitozni yadroning eng soda bo’linish shakli sifatida ilgari mavjud bo’lgan fikrlarni tasdiqlamadi. Infuzoriyalar vegetativ yadrosi (makronukleus)ning to’g’ridan-to’g’ri bo’linishi sirtdan karaganda Amitozga o’xshab ketsa ham, aslida mitozning shakl o’zgarishi tufayli paydo bo’lgan yangi tipdagi bo’linish hisoblanadi.