AMMONIY NITRAT

AMMONIY NITRAT, ammiakli selitra — rangsiz, kristall modda, gigroskopik. Zichligi 820 kg/m3. Suyuklanish temperaturasi 169,6°, suvda yaxshi eriydi, bunda issiqlik yutiladi (1 gramm tuz 1 gramm suvda eriganda temperatura 15 dan -10° gacha pasayadi). Ammoniy nitrat suyultirilgan nitrat kislotaga ammiak ta’sir ettirish yo’li bilan olinadi. MDH mamlakatlarida A, B va V markalari ishlab chiqariladi. A, B markasi sanoatda portlovchi moddalar (ammonitlar) tayyorlashda ishlatiladi. Ammoniy nitratning V markasi ko’proq tarqalgan, hosildorlikka kuchli ta’sir etuvchi o’g’it tarkibida 34% sof azot bor. Ekinlarni ekishdan oldin va o’sish davrida erga asosiy o’g’it sifatida solinadi, ayniqsa g’o’za parvarishida ko’p ishlatiladi. Ammoniy nitrat yuqori gigroskopik xususiyatga ega bo’lganligi sababli saqlash paytida nam tortib qotib qoladi. Shuning uchun u nam o’tkazmaydigan qoplarda quruq binolarda saqlanishi kerak. Ammoniy nitratning nam yutishi va qotishini kamaytirish uchun unga turli xil moddalar qo’shib, donador holda ishlab chiqariladi. Bu holdagi Ammoniy nitrat yaxshi saqlanadi. Ammoniy nitrat o’g’iti Chirchiq, Farg’ona, Navoiy kimyo kombinattlarida ishlab chiqariladi.