AMMONIYLASHUV
AMMONIYLASHUV, ammonifikasiya (ammoniy va lotincha facio — qilaman) — azotli organik moddalarning ammiak ajratib parchalanish jarayoni. Tuproqda azotli moddalarning ko’pchiligi (99%) o’simliklar o’zlashtira olmaydigan (gumus, organik o’g’itlar, o’simliklar qoldiqlari, hayvonot va mikroorganizmlar qoldiklari) holda bo’ladi. Ammoniylashuv jarayoni natijasida ular o’simliklar o’zlashtira oladigan holga keladi. Oqsil moddalar tuproqda chirituvchi bakteriyalar, shuningdek aktinomisetlar va mog’or zamburug’lar ta’sirida parchalanib, ammiak hosil qiladi. Ammiak Ammoniylashuv davrida paydo bo’lgan oddiy kislotalar bilan birga reaktsiyaga kirishib, ammoniyning suvda oson eriydigan tuzlarini hosil qiladi. Ammoniyning bunday shakldagi turlarini o’simliklar oson o’zlashtiradi.