AMPELOGRAFIYA

AMPELOGRAFIYA, tokshunoslik (Yunoncha ampelos — uzum va grafiya) — tok turlari va navlarini o’rganadigan fan. «Ampelografiya» terminini birinchi marta polyak tabiatshunosi F. Ya. Saks (1661) qo’llagan. Ampelografiyaning ilmiy asoslarini ispan olimi S. Klemente tavsiflab bergan (1806). Ampelografiya umumiy va xususiy Ampelografiyaga bo’linadi. Umumiy Ampelografiya tok navlari sistematikasi, tasnifi, kelib chiqishi va tarqalishi, shuningdek tadqiqotlar hamda qiyosiy Ampelografiya usullarini o’rganadi. Xususiy Ampelografiya tok navining botanik ta’rifi, ularning agrobiologik va xo’jalik nuqtai nazaridan texnologik ta’rifi hamda navlarni rayonlashtirish masalalari bilan shug’ullanadi. Tok navlarini tavsiflashda xalqaro ampelografiya komissiyasi ta’sis etgan (Vena, 1873) yagona tizim qabul qilingan. Ampelografiya tadqiqotlari ampelografik kollektsiyalarda, davlat nav sinash uchastkalari va uzumchilik xo’jaliklarida, yovvoyi toklar bo’yicha esa ular o’sadigan hududlarda o’tkaziladi. Tadqiqotlar natijalari davriy nashr etiladigan kataloglar va «Ampelografiya» ilmiy to’plamlarida e’lon qilinadi. Tok mevasi — uzumni baholashda qand miqdori, kimyoviy tarkibi, etilish davri, qaysi maqsadda foydalanish tomonlari hisobga olinadi. Ampelografiya tadqiqotlari materiallari alohida kitob holida nashr etiladi, davriy nashrlarda yoritib boriladi, shuningdek Parijdagi xalqaro uzumchilik va vinochilik byurosi nashr etadigan xalqaro tok navlari registri (ro’yxati)da e’lon qilinadi. Ampelografiyani rivojlantirishda ampelograf olimlardan M. A. Lazarevskiy, A. M. Negrul, P. X. Kiskin, E. A. Panasevich, E. B. Ivanov, M. M. Mirzayev va boshqalarning hissasi katta. Ampelografiya tok genofondini o’rganish va uzumchilik bo’yicha ma’lumotlar bankini yaratishda katta ahamiyatga ega. Ampelografiya asosida tokzorlardan yuqori hosil olishning ilmiy jihatdan asoslangan texnologiya tadbirlari ishlab chiqiladi, har bir viloyat tuproq-iqlim sharoitiga qarab tok navlari tanlanadi va tavsiya qilinadi. Masalan, Samarqand viloyati, asosan, mayizbop uzum yetishtirishga ixtisoslashgan. O’zbekistonda tokning 100 dan ortiq mahalliy va chetdan keltirilgan navlari o’stirilmoqda. Keyingi 25-30 yil ichida selektsioner olimlar tanlash va chatishtirish yo’li bilan bir qancha yangi tok navlarini yaratdilar (Rizamat, soyaki, O’zbekiston muskati va boshqalar). Mahmud Mirzayev, Rixsivoy Jo’rayev.