AMUDARYO DELTASI

AMUDARYO DELTASI (Orol bo’yi deltasi) — Jan. Orol bo’yidagi Delta. G’arbda Ustyurt platosining chinki, shimolda Orol dengizining 1961 yilgacha bo’lgan qirg’oq chiziqlari, Sharqda shimoliy- g’arbiy Qizilqum, Beltov balandligining g’arbiy va Janubiy-g’arbiy etaklari, Oqchadaryo deltasining shimoliy-g’arbiy chekkalari, Janubiy-Sharqda Qizilqum, Janubda Sariqamish bo’yi deltasiga tutash. Mazkur chegaradagi Amudaryo Deltasi maydoni 19 ming km2. Daryoning quyi qismi 2 qadimgi va bir hozirgi deltadan iborat. Daryoning qadimgi deltalarida chap sohilda Xorazm vohasi va o’ng sohilda Beruniy-To’rtko’l vohasi vujudga kelgan. Bu vohalarda O’zbekistonning Xorazm viloyati, Qoraqalpog’iston Respublikasining To’rtko’l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlari, Turkmanistonning Toshhovuz shahri atrofidagi tumanlar joylashgan. Amudaryoning hozirgi deltasida Aliovul qishlog’idan shimolda daryo ikki qismga: chap sohilda Qipchoqdaryo va o’ng sohilda Oqlaryo tarmoqlariga bo’linadi. Oqlaryo asosiy o’zan hisoblanadi va suvning asosiy qismi ushbu o’zanda oqadi. Qipchoqlaryo Porlatov qishlog’i yaqinida yana Oqlaryoga tutashadi. Daryoning hozirgi deltasi esa Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida qumgil oqindilaridan tarkib topgan pasttekislik bo’lib, daryo bo’yidagi Taxiatosh shahri yonidan boshlanadi. Relyefi shimolga qiya. Bosh qismi (Nukus shahri yaqinida, mutlaq balandligi 73 metr) dan Orol dengizining eski qirg’oq chizig’iga qadar (mutlaq balandligi 53 metr) 200 kilometr masofada 20 metrga pasayadi. Amudaryo Deltasi sathi qadimda va hozirda mavjud bo’lgan daryo o’zanlari va ko’l botiqlari bilan parchalangan. Deltaning allyuvial yotqiziqlari (qalinligi 142 metrgacha) yuqori bo’r va paleogen-neogenning tub jinslari ustida vujudga kelgan. Mayda zarrali qumning qumoq hamda qumloq bilan aralashmasi keng tarqalgan (qayir yotqiziqlari), baland qismlarida qum yoki qumloq ko’proq. Amudaryo Deltasida Beltov, Qushxonatov, Kiziljar, Muynoqtov, Porlatov, Itkir, Xo’jayli va boshqa qoldiq tog’lar mavjud. Amudaryo Deltasining iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq va bulutsiz. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Janubda — 6,9° (Nukus) dan shimolda — 7,4° (Mo’ynoq) gacha pasayadi. Yozi issiq va quruq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27, gramm (Nukus)dan 26,3° (Mo’ynoq) gacha o’zgaradi. Yillik yog’in kam (Taxiatoshda 79 millimetr, Mo’ynoqda 105 millimetr), asosan qish va bahorda yog’adi. Yil davomida shimoliy- Sharqiy shamollar esadi. Orol dengizi va deltadagi daryo va ko’llarning qurib borayotganligi tufayli havo temperaturasi yozda odatdagidan 2 — 3°ga ortgan, qish ham sovuqroq, shamol harakati kuchaymoqda, havoning nisbiy namligi kamaymoqda. Orol bo’yida 1961 yildan boshlangan cho’llashish jarayoni natijasida Amudaryo Deltasida tub o’zgarishlar sodir bo’lmoqda. Orol sathining tezlik bilan pasayishi, daryo suvi sho’rligining ortishi va unda turli kimyoviy moddalar va boshqalarning mavjudligi, suv tanqisligi, Orolning qurigan qismi (Orolqum) dan tuzli changlarning havoga ko’tarilishi cho’llashishni tezlashtirmoqda. Deltada suv tartibining buzilishi oqibatida grunt suvlarining sathi barcha joylarda keskin pasaydi (0 — 0,5 metrdan 5 -10 metrgacha, pastqamliklarda — 1,3 metr, minerallashuv darajasi ayrim joylarda 30 — 50 g/l va undan ko’p). Amudaryo oqimining deltada tartibga solinishi tufayli ko’plab o’zanlar (Katta jonsiz va kichik jonsiz, Erkindaryo, Ko’hnadaryo, Madalio’zak, Priemo’zak, Oqboshli, Injenero’zak va boshqalar) quridi. Suv faqat Oqlaryo orqali dengizga qo’yilmoqda. Qipchoqlaryoda vaqt-vaqti bilan suv oqmoqda. Ravshandaryo va Toldiqlaryo o’zanlari kanalga aylantirildi. 100 ga yaqin ko’l quridi, hozirda faqat Sudoche ko’li, Moshanko’l, Xo’jako’l, Qorateren ko’li, Keusir ko’lida suv mavjud, minerallashuv darajasi 3 — 5 g/l dan 30 — 45 g/l gacha (Sudoche ko’lida). Deltada grunt suvlarining bug’lanishga sarf bo’lishi oqibatida tuproqning sho’rlanishi ortib avvalgi qayirli allyuvial, o’tloqi, botqoq, botqoq-o’tloqi tuproqlar o’rnida o’tloqi, o’tloqi-taqir, sho’rxok (tipik o’tloqi), taqir cho’l qum tuproqlari tarkib topdi. Cho’llashish jarayonida avvalgi qamishzorlar o’rnini (760 ming ga) endilikda sho’razor, yulg’unzor, turli kserofit (qo’shbarg, yantoq, oqbosh), galofitlar (qorabaroq, shohilak, kermak va boshqalar) egalladi. Qamishli to’qayzorlar faqat suv bilan muntazam ta’minlanadigan pastqamliklarda oz maydonda saqlanib qolgan (Sudoche ko’li va uning shim., shimoliy-sharqida, Shege, Ko’kko’l havzalarida). Daryo o’zanlari yoqalaridagi 261 ming gektar noyob Amudaryo to’qayzorlari (turang’il, tol, jiyda) asosan qurimoqda. Suv taqchilligi tufayli baliq ham keskin kamaydi. Faqat ayrim ko’llardagina oz miqdorda ovlanadi. Ondatrachilik deyarli tutatildi. Suzuvchi qushlar, to’qayzorlarda yashovchi parrandalar va boshqalar juda kamayib ketdi. Amudaryo Deltasida vujudga kelgan noqulay ekologik sharoitni yumshatish chora-tadbirlari ko’rilmoqda. Shamol eroziyasining oldini olish uchun ihotazorlar bunyod etilmoqda, har yili imkoni boricha pastqamliklarga Amudaryodan suv jamg’arib olinmoqda. Amudaryo Deltasining Janubiy qismi sug’oriladigan dehqonchilikda foydalaniladi. Qariyb 400 ming gektar yerda sholi, paxta, don, yem-xashak ekinlari ekiladi. Quvonishjarma, Suenli, Kegeyli kabi yirik irrigasiya tizimlari, Bosh chap sohil va boshqa magistral kollektorlar mavjud. Amudaryo suvining sho’rligi, tuproq sho’rligini kamaytirish samaradorligining nihoyatda pastligi, barcha yerlar zovurlar bilan to’liq ta’minlanmaganligi va boshqalar sababli sug’oriladigan yerlarning meliorativ ahvoli juda og’ir, tuproqlarning turli darajada sho’rlanganligi tufayli ekinzorlarning hosildorligi ancha past.