AMUR VILOYATI
AMUR VILOYATI — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1932 yil 20 oktabrda Xabarovsk o’lkasi tarkibida tashkil etilgan. 1948 yil 2 avgustdan alohida Amur viloyati. Maydoni 363,7 ming km2. Aholisi 1063 ming kishi (1993), asosan ruslar, ukrainlar; shuningdek beloruslar, evenklar, yakutlar yashaydi. Shaharliklar 68%. Amur viloyatida 10 shahar, 33 shaharcha bor. Markazi — Blagoveshchensk shahri. Amur viloyati Amur daryosi havzasida. Shimolda Stanovoy tizmasi (eng baland nuqtasi 2312 metr) bilan o’ralgan. Tukuringra, Jugdir, Turana, Jagdi tizmalari, yuqori Zeya, Zeya-Bureya tekisliklari va Amur-Zeya platosi bor. Oltin, temir rudasi, kumir, kaolin, ohaktosh, kvars qumlari konlari, mineral buloqlar mavjud. Amur viloyati iqlimi keskin kontinental. Musson ta’siri ostida. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 24° dan — 33° gacha, iyulniki 18 — 21°. Yiliga o’rtacha 450 — 800 millimetr yog’in tushadi. Eng katta daryolari: Amur, uning irmoqlari — Zeya, Bureya. Tuprog’i asosan qo’ng’ir o’rmon tuprog’i, bir qismi podzollashgan, Janubda qoramtir tuproqlar. Amur viloyati hududining 65% o’rmon. Amur viloyati hududida Zeya va Xingan qo’riqxonalari joylashgan. Kon qazish (oltin, ko’mir), o’rmon, yog’ochsozlik, elektrotexnika, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati tarmoqlari bor. Zeya GES ishlab turibdi. Bureya GES qurilmoqda (1993). Amur viloyati — Uzoq Sharqning eng yirik qishloq xo’jaligi rayoni. G’alla ekinlari (bug’doy, suli, arpa), soya, kartoshka, sabzavot etishtiriladi. Go’sht-sut chorvachiligi, asalarichilik, bug’uchilik, darrandachilik rivojlangan. Ovchilik bilan shug’ullaniladi. Hududidan Transsibir temir yo’l va Baykal — Amur temir yo’l magistrali o’tadi. Amur, Zeya, Bureya daryolarida kema qatnaydi.