ANABIOZ
ANABIOZ (Yunoncha anabiosis — tiriltirish, hayotga qaytarish) — organizmning hayot jarayonlari (moddalar Almashinuvi va boshqalar) juda sekinlashgan, ya’ni uning tirikligi sezilmaydigan darajaga o’tgan holati. Anabiozni birinchi marta 1701 yilda golland biologi A. Levenguk hasharotlarda aniqlagan. Anabioz organizmlar rivojlanishining turli bosqichlarida yashash sharoitining keskin yomonlashishi (past harorat, qurg’oqchilik) tufayli sodir bo’lishi mumkin. Anabioz evolyutsiya davomida organizmning noqulay tashqi muhit sharoitiga moslashuvidan iborat. Anabioz ko’pchilik organizmlarning rivojlanishi jarayonida normal holat hisoblanadi. Masalan, bakteriyalar va zamburug’larning sporasi, o’simliklarning urug’i, bir hujayrali hayvonlarning tsistasi ancha uzoq muddat davomida tiriklik xususiyatini saqlab qolib, qulay sharoit tug’ilganida hayot faoliyatini qaytadan boshlaydi. Anabioz holatida umurtqasiz hayvonlar (gidralar, chuvalchanglar, mollyuskalar, hasharotlar) o’z tanasidagi suvning 1/3, hatto 1/2 qismini yo’qotadi. 0° dan past haroratda sut emizuvchilarning qishki uyqusi ham Anabiozga o’xshab ketadi. Lekin Anabioz moddalar almashinuvining keskin pasayganligi bilan karaxtlik va qishki uyqudan farq qiladi. Anabioz hodisasidan tirik quruq vaktsinalar tayyorlashda, to’qima va organlarni konservasiya qilishda keng foydalaniladi.