ANAEROB INFEKTSIYA

ANAEROB INFEKTSIYA (gazli infektsiya, gazli flegmona, xavfli shish) — jarohatlarning faqat kislorodsiz muhitda ko’payadigan kasallik qo’zg’atuvchi mikroblar — anaeroblar bilan zararlanishi; ko’pincha jarohatlarga (asosan oyoq va dumbadagi) tuproq tushishidan paydo bo’ladi, chunki tuproqda deyarli har doim Anaerob infektsiya qo’zg’atuvchilari saqlanadi. Majaqlangan yoki ezilgan to’qimalar ko’proq zararlanadi, chunki qon tomirlarga shikaet etishi sababli jarohatlangan joyga kislorodga to’yingan qon (arterial qon) kelishi to’xtab qoladi. Anaerob infektsiyada yumshoq to’qimalar tez shishib, unda gaz pufakchalari hosil bo’ladi, keyinchalik to’qimalar o’ladi. Anaerobning dastlabki belgilari: jarohat og’riydi, to’qimalar ko’pchib ketayotgandek tuyuladi, shish keladi, 1 — 2 kundan keyin gavda temperaturasi ko’tariladi. Anaerob infektsiya juda xavfli, shuning uchun bemorni darhol kasalxonaga yotqizish kerak.