ANAEROBLAR
ANAEROBLAR, anaerob organizmlar — erkin kislorod bo’lmaydigan sharoitda yashash va rivojlanish qobiliyatiga ega bo’lgan organizmlar. Anaeroblar terminini 1861 yilda yog kislotali bakterial bijg’ishni ixtiro qilgan L. Paster taklif etgan. Anaeroblar asosan prokariot organizmlar orasida keng tarqalgan. Eukariotlardan achitqilar hamda hayvonlar organizmida parazitlik qiladigan, ya’ni ikkilamchi tarzda kislorodsiz muhitda yashashga moslashgan, bir hujayralilar haqiqiy Anaeroblar hisoblanadi. Ko’p hujayrali Anaeroblar anaerobioz hayvonlarning ichagi va tana bo’shlig’i hamda to’qimalarida parazitlik qiladigan yassi to’garak chuvalchanglar orasida uchraydi. Anaerob organizmlarda metabolizm kisloroddan boshqa oksidlovchilardan foydalanishga asoslangan. Organik moddalardan foydalanadigan anaerob organizmlar (glikoliz natijasida hosil bo’ladigan energiyadan foydalanadigan barcha eukari-otlar) spirtlar va yog’kislotalar qaytarilishi orqali boradigan har xil tipdagi bijg’ishni amalga oshiradi. Boshqa Anaeroblar, masalan, denitrifikatorlar, temir bakteriyalari, oltingugurt bakteriyalar, metan hosil qiluvchi bakteriyalar esa anorganik oksidlovchilar (nitratlar, oltingugurt birikmalari, karbonat angidrid va boshqalar) dan foydalanadi. Almashinuv mahsulotlarining xiliga qarab anaerob bakteriyalar yog’kislotali, sut kislotali, propion kislotali guruhlarga ajratiladi. Fototrof bakteriyalar Anaeroblarning boshqa maxsus guruhini tashkil etadi. Kislorodga bo’lgan talabiga ko’ra Anaeroblarning obligat va fakultativ guruhlari farq qilinadi. Obligat Anaeroblarda metabolizm kislorod ishtirokisiz boradi, fakultativ Anaeroblar (masalan, denitrifikatorlar) anaerobioz holatdan kislorodli muhitda yashashga utishi mumkin. Anaerob muhitda oksidlanish energiyasi kam bo’lganidan Anaeroblar faoliyati tufayli juda ko’p qaytarilish mahsulotlari — spirtlar, yog’kislotalari va boshqalar hosil bo’ladi. Anaeroblar muhitdagi kislorod aerob organizmlar tomonidan batamom o’zlashtiriladigan sharoitda (masalan, suv tubidagi balchiqda, ifloslangan oqova suvlarda) rivojlanadi. Anaeroblardan mikrobiologiya sanoatida spirtlar va organik kislotalar ishlab chiqarish, oqova suvlarni tozalashda keng foydalaniladi. Ayrim Anaeroblar og’ir infektsion kasalliklar (qoqshol, gazli gangrena va boshqalar) ni keltirib chiqaradi. Haqiqiy Anaeroblar bilan birga ayrim umurtqasizlar orasida kislorod tanqisligiga vaqtincha moslashgan turlari ham bor. Ayrim obligat Anaeroblar kislorodga juda sezgir bo’lganidan kislorodli muhitda juda tez halok bo’ladi. Issiq suvli havzalardan va suvning chuqur qatlamlaridan topilgan Anaeroblar yer yuzida paydo bo’lgan eng qadimgi organizmlar bo’lishi mumkin.