ANAFILAKSIYA

ANAFILAKSIYA (Yunoncha anaphylaxia — himoyasizlik) — organizmga parenteral yo’l orqali yuborilgan antigenga nisbatan sezuvchanlikning ortishi bilan ifodalanadigan allergik reaktsiya. Umumiy yoki mahalliy reaktsiya (masalan, terida) ko’rinishida namoyon bo’ladi. Yaqqol ko’rinib turgan umumiy reaktsiya anafilaktik shok deyiladi. Anafilaktik shokning asosiy belgilari: nafas olish keskin qiyinlashadi va qon bosimi tushib ketadi, bemor hushidan ketishi mumkin. Shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatishga to’g’ri keladi. Anafilaksiyaning oldini olish uchun o’z bilgicha dori ichmaslik kerak, aks holda organizm sezuvchanligi oshib ketishi mumkin, agar dori ichganda biror xil allergik reaktsiya ro’y bersa, dori ichishni to’xtatib, albatta vrachga uchrashish kerak.