ANALOG HISOBLASH MASHINASI

ANALOG HISOBLASH MASHINASI — uzluksiz o’zgaruvchi fizik kattaliklar (mexanik siljish, kuchlanish, tok kuchi, temperatura va boshqalar) ning qiymatlari aniqlanadigan matematik masalalarning sonlarini shu miqdorlar bilan taqqoslaydigan hisoblash mashinasi. Analog hisoblash mashinasida natija mashinadagi o’zgaruvchan fizik miqdorlarni o’lchab aniqlanadi. Analog hisoblash mashinasining asosiy xususiyatlari: o’zgaruvchan kattaliklar uzluksiz bo’ladi; amallar parallel bajarilishi natijasida yuqori tezlikka erishiladi; yechiladigan masalalarga dastur tuzish ancha soddalashadi; tadqiq qilinuvchi tizimni real analog qurilmaga ulash osonlashadi; modellash jarayoni va natija yaqqol ko’rinib turadi; jamlash, ko’paytirish, integrallash, chiziqli bo’lmagan funktsiyalarni hosil qilish kabi amallarni ancha sodda va samarali bajarish mumkin; axborotni uzoq muddat xotirada saqlash, murakkab va mantiqiy amallarni bajarish imkoni cheklangan. Analog hisoblash usullaridan miloddan avvalgi Vaviloniyada yer o’lchash va xarita tuzishda foydalanilgan. 15-asr boshlarida Samarqandda al-Koshiy ikki sayyoraning bir meridian tekisligida bo’lish vaqti paytini aniqlovchi asbob yaratgan. Taxminan 1000 yilda yaratilgan logarifmik lineyka dastlabki Analog hisoblash mashinasidir. Hozirgi EHMlarning dastlabkisi elektron texnika taraqqiyotining mahsuli bo’lib, bular 1950 yilda yaratilgan o’zgarmas tok kuchaytirgichi bilan bog’liqdir. Ayniqsa, keyingi vaqtlarda yaratilgan analog qurilmalar integrasiya koeffitsienti o’ta katta bo’lgan analog integral mikrosxemalar asosida ishlab chiqariladi. Ishlash tarziga ko’ra, Analog hisoblash mashinasi mexanik pnevmatik, gidravlik, elektromexanik va elektron turlariga, analogiya asosida qurilishiga ko’ra, oddiy va murakkab xillarga bo’linadi. Oddiy mashinalarda o’zgaruvchilar va echiladigan dastlabki tenglama o’zgaruvchilari orasidagi bog’lanish o’zgarmas koeffisientlar orqali amalga oshirilsa, murakkab mashinalarda esa bu aloqa oshkor ko’rinishda bo’lmay, balki murakkab tasvirga ega bo’ladi. Analog hisoblash mashinasi boshqaruv tizimlarining dinamikasini taxlil qilish yoki rostlashda, boshqaruv tizimlarining sintezi va rostlash bilan bog’liq masalalarni echishda, tizimga ta’sir etuvchi va foydali signallarni aniqlashda, yangi avtomatik qayd qilish qurilmalarini yaratishda va boshqalarda keng qo’llaniladi. Bundan tashqari, Analog hisoblash mashinasilardan murakkab avtomatik tizimlarning elementlari va qurilmalari sifatida ham foydalaniladi. Abdurauf Pattoxov.