Anamiya
Anamiya (fransuzcha-qonunlarning, tashkilotlarning bo’lmasligi)-individual va ijtimoiy ongning axloqiy-ruhiy holati, u jamiyat inqirozi tufayli qadriyatlar tizimining buzilishi bilan tavsiflanadi. Qadriyatlar me’yorlar ‘bo’shlig’i”da paydo bo’ladi, ya’ni me’yorlar “barham” topadi; ijtimoiy me’yorlarning fuqarolarga ta’siri deyarli samara bermaydi, ularning axloqni ijtimoiy tartibga solish vositasi sifatidagi ta’sir darajasi pasayib ketadi. Me’yoriy ko’rsatkichlar bo’shashib ketadi, har xil talqin etiladi, ziddiyatlashadi; vujudga keladigan ijtimoiy hodisalar-ehtiyojlar, manfaatlar bilan ularni qanoatlantirish imkoniyatlari o’rtasida nomutanosiblik paydo bo’ladi. Anamiya odatda jamiyatda o’tkinchi tavsifni, iqtisodda, siyosatda tanglikni yuzaga keltiradi va hokazolar, u qat’iy hayotiy me’yorlar, maqsadlar, axloq namunalari yo’qligi, shakllangan ma’naviy qadriyatlar va tizimlarning yemirilishlari bilan birgalikda kechadi. Jamiyatdagi Anamiya holati ko’plab individlar va ijtimoiy guruhlarning jamiyatdagi maqomini noaniq qilib qo’yadi, jamoaviy birdamlik, umumiylik, hamkorlikdan mahrum etadi. Shuningdek, muayyan guruh va umuman jamiyat bilan bog’liqlik hissini yo’qotadi. Bular barchasi oqibatda axloq chegarasining buzilishi va keng sur’atda axloqiy me’yorlardan chetlashishga olib keladi. Anamiyaning eng yuqori darajasi bozor iqtisodiyotining erkin raqobat sharoitlarida kuzatiladi. Bunda shaxsiy manfaat, individualism axloqi birinchi o’ringa chiqadi. G’arb sotsiologlari Anamiyaga jamiyatdagi turlicha toifadagi qadriyatlar-me’yorlar tizimi, umumiy maqsadlar va ularga erishishning qonuniy vositalari o’rtasidagi kelishmovchilik, nizo natijasi sifatida qaraydilar. Anamiya holatiga moslashayotgan fuqarolarga konformizm (itoatkorlik axloqi xos bo’lib, bunda bir qolipdalik, aqidaparastlik, moslashuvchanlik, individuallikning yo’qligi va boshqa asosiy jihatlar hisoblanadi) va axloq me’yorlaridan chekinish xosdir (ya’ni qonunbuzarlik, axloqiy buzuqlik, alkogolizm, giyohvandlik, buzuqlik, ichkilikbozlik, janjalkashlik va boshqalar).