AN’ANA

AN’ANA — o’tmishdan kelajakka meros qoladigan, avloddan avlodga o’tadigan, jamiyat hayotining turli sohalarida namoyon bo’ladigan moddiy va ma’naviy qadriyat. Milliy, madaniy, maishiy, ijtimoiy siyosiy, diniy va boshqa An’analar bor. An’analar xalqlarning tarixiy rivojlanishi jarayonida shakllanadi. Odamlarning turmush tarzi, moddiy sharoitlari turli An’analarning shakllanishiga ta’sir qiladi. Muayyan ijtimoiy tartib-qoidalar, axloq me’yorlari, urfodat, marosim va boshqa An’ana sifatida namoyon bo’ladi. An’analarni: a) ijtimoiy-tarixiy hodisa; b) jamiyat hayotidagi jarayonlarning tarkibiy qismi; v) kishilar hayoti va faoliyatini belgilash mezoni; g) jamiyat va odamlarni boshqarishning ma’naviy omillaridan biri sifatida tavsiflash mumkin. An’analar yoshlarni tarbiyalash, ularni keksa avlod tajribalariga o’rgatish vositasi hamdir. Har bir davrning o’z An’analari bo’lib, vaqt o’tishi bilan o’zgarib, mazmunan boyib boradi, ba’zilari yo’qoladi, yangilari vujudga keladi. Shuningdek, bir zamonning An’analari ikkinchi zamonga mos kelmasligi mumkin. Davr talabiga javob bermaydigan An’analar unutiladi. Har bir xalqning An’analarida o’sha xalqning turmush tarzi, madaniy kamolot darajasi, milliy ong va qiyofasi ham aks etadi. Bir hudud aholisi yoki xalqiga xos An’analarga har xil mafkuraviy, partiyaviy nuqtai nazardan yondoshish, boshqa hudud yoki xalq nuqtai nazaridan baholash noto’g’ri. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng sobiq sho’rolar tuzumida joriy etilgan An’anaviy bayram va tantanali kunlarning ko’plari o’z ahamiyatini yo’qotdi. O’zbek xalqining qadimdan tarkib topgan, hozir ham keng amal qilinadigan An’analari bor. Bular jumlasiga keksalarga hurmat, qarindosh-urug’, mahalla-ko’y bilan oqibatli, yaqin aloqada bo’lish, el-yurtga sadoqat, hashar, mehmondo’stlik, nonni e’zozlash va boshqalar kiradi. O’zbekistonda Navro’z, Mustaqillik kuni, Konstitusiya kuni, Ro’za hayiti, Qurbon hayiti va boshqa xalq bayramlari yaxshi An’analar sifatida hayotga singib ketdi.