ANDIJON BIOKIMYO ZAVODI

ANDIJON BIOKIMYO ZAVODI – yirik kimyo sanoati korxonasi. Andijon shahrida joylashgan. «O’zkimyosanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. Dondan rektifikasiyalangan oziq-ovqat (etil) spirti ishlab chiqaradi. Respublikadagi oziq-ovqat, tibbiyot, atir-upa va boshqa sanoat tarmoqlarini spirt bilan ta’minlaydi. Korxona 1953 yilda Andijon gidroliz zavodi sifatida tashkil etilgan va chigit shulxasi, sholi qobig’idan texnik etil spirti, ozuqa achitqilari, ksilit, nitrolignin va boshqa mahsulotlar ishlab chiqardi. 90-yillar boshidan atrof muhitga salbiy ta’sirini hisobga olib zavodning ishlab chiqarish yo’nalishini o’zgartirish ishlari boshlandi va 1994 yildan gidroliz sanoati ishlab chiqarish quvvatlari to’xtatildi. 1991— 94 yillarda etil spirti ishlab chiqarish quvvatlari qurilib, korxonaning 1-navbati 1994 yil dekabrda ishga tushirildi (loyiha quvvati yiliga 915 ming dal etil spirti). 1995 yil sentabrdan korxonaning (yillik loyiha quvvati 877 ming dal bo’lgan) 2-navbati qurilishi boshlandi va 1999 yilda ishga tushirildi.