ANDIJONSOY
ANDIJONSOY – Andijon viloyatidagi kanal. Umumiy uzunligi 76,7 kilometr, suv o’tkazish imkoniyati 45,0 m3/sek. Kanal Andijon suv omboridan suv oladi va Katta Farg’ona kanaliga tashlama bilan tugaydi. Qo’rg’ontepa, Jalaquduq, Andijon, Oltinko’l tumanlaridagi ekinzorni suv bilan ta’minlaydi, shuningdek kanal Andijon shahridan o’tib, biokimyo zavodini va shaharning ko’kalamzor yerlarini suv bilan ta’minlashga ham xizmat qiladi. Andijonsoydan Ishkol, Jo’raboy, Dehqon, Yangi Ko’tarma, Qatortol, Ko’k Gumbaz, Xo’tan, Qo’shariq, derivasiya kabi 10 ga yaqin katta-kichik kanallar va 30 ga yaqin mayda dahanalar suv oladi. Andijonsoyda 6 ta yirik suv taqsimlash inshootlari qurilgan (ulardan 3 tasi telemexanika vositalari bilan jihozlangan). Andijonsoydan Andijon tumanidagi va viloyatning boshqa sharqiy-g’arbiy tumanlaridagi, shuningdek Yomonadir mavzeidagi ekinzorlarga nasoslar yordamida suv chiqariladi.