ANDRONOVO MADANIYATI

ANDRONOVO MADANIYATI – miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikning ikkinchi yarmi va birinchi ming yillikning boshida yashagan chorvador va dehqon qabilalarining madaniyati. Andronovo madaniyati yodgorliklari Minusinsk, shimoliy – Sharqiy va Markaziy Qozog’iston, ob daryosining yuqori oqimi, Chelyabinsk viloyatining o’rmon va dashtlarida, qisman O’zbekiston, Qirg’iziston yerlarida tarqalgan. Bu madaniyatga oid yodgorlikni birinchi bor 1914 yilda ya. A. Tugarinov Achinsk stansiyasi yaqinidagi Andronovo qishlog’ida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topgan va 1920-23 yillarda S. A. Teplouxov uni Andronovo madaniyati nomi bilan fanga kiritgan. Andronovo madaniyatiga doir yodgorliklar dastlab S. P. Tolstov tomonidan 1938 yilda qadimgi Xorazmning Ko’kcha daryo sohillaridan topib o’rganildi va unga Tozabog’yop madaniyati nomi berilgan. Keyinchalik Ya. G’. G’ulomov va A. Asqarovlar bu madaniyatga doir yodgorliklarni Zarafshonning quyi oqimi rayonlaridan topib o’rgandilar. Bu davr mozor va manzilgoxlari Toshkent atrofida, Mo’minobodda (Samarqand viloyati), Farg’ona vodiysida (Karamko’l, Vodil mozorlari), Qayroqqumda ko’plab o’rganilgan. Andronovo madaniyati aholisi yarim yer to’la shaklidagi kulbalarda yashagan; mozorlari yorma go’r bo’lib, murdalar oyoq-qo’llari buqilgan, chapga yonboshlatilgan, boshi Janubiy-g’arbga qaratilgan holda, ko’pincha kiyim-kechagi, jezdan yasalgan bezak buyumlari bilan dafn etilgan. U davr qabilalari daryo bo’ylarida dehqonchilik, adirlarda chorvachilik bilan shug’ullangan. 1997 yil Tojikistondagi qizilsuv daryosi havzasidan Andronovo madaniyatiga doir yodgorlik — jamoa bo’lib dafn qilingan bolalar qabri topildi. 10-11 yoshli bolaning oyoqlari yonidan chiqqan ko’plab jez munchoqpar, ilgaksimon kumush taqinchoq, sopol idishlar muhim ilmiy ahamiyatga ega.