Angishvona qachon paydo bo’lgan?

Bani bashar tarixi — bu, kashfiyotlar, ixtirolar, topilmalar tarixi. Bizni qurshab turuvchi o’zimiz hamisha foydalanadigan narsalar kimdir tomonidan kashf etilgan, topilgan, qurilgan, ilk marta yasalgan. Aynan shunday ixtirolarning juda katta hismi abadiyat bag’riga singib ketdi. Angishvonadek oddiy narsani olib qaraylik-chi. U har bir xonadonda bor. Uningsiz ish qilish qiyin bo’lurdi. Go’yo angishvona azal-azaldan mavjuddek tuyuladi. Aslida esa bunday emas. Bizga ismi-sharifi noma’lum hamma barmoqlari ilma-teshik bo’pketgan tikuvchining kutilmaganda fikri ilhomdan tiniqqan va jo’sh urgan. Bu narsa qachon ro’y bergani ham noma’lum. Yolg’iz shu narsa ma’lumki, o’rta asrlardayoq fakat shugina nimarsani tayyorlash bilan band bo’lgan qo’li gul ustalar bo’lgan. Demak, ularga talab katta bo’lgan va angishvonalar ko’p ishlatilgan. Usha zamonlardan bizga qadar nafis, emal, inkrustasiya va jajji Gravyuralar bilan bezatilgan durdonalar yetib kelgan. Bizgacha yetib kelgan angishvonalarning eng ko’hnalari oltindan yasalgan edi. So’ngra ularni oltin hallangan kumush yoki bronzadan yasay boshladilar, ammo rangi an’anaviy yo’sinda fonida kumushsimon — oq rangli po’lat ignaning holatini kuzatish oson bo’lishi uchun sariqligicha qoldi. 1824 yili Germaniyadagi metall buyumlar fabrikasining sohibi istalgan turdagi va o’lchamdagi angishvonalar ishlab chiqaruvchi universal dastgohni ixtiro qiladi. Ixtiroga patent berildi va tez orada ommaviy ravishda angishvona ishlab chiqarish boshlandi. XIX asr oxirlarida angishvonalar shu qadar keng ommalashib ketdiki, ularni esdalik buyumlar sifatida ham sota boshladilar. Ustiga-ustak, ulardan tijorat maqsadlarida foydalanishga tutindilar: graverlar ularga firmalarning va alohida buyumlarning nomlarini naqshlaydigan bo’lishdi. Tikuv mashinalari ixtiro qilinishi va keng tarqalishi bilan angishvona shuhrati, albatta, ancha tushib ketdi. Ammo u baribir bugun ham insonga kishi bilmas, ammo sadoqat bilan xizmat qilayotir.