ANGLIKAN CHERKOVI

ANGLIKAN CHERKOVI – Angliyadagi davlat cherkovi. Protestant cherkovlaridan biri. Uning diniy marosim va tashkiliy qoidalari boshqa protestant cherkovlariga qaraganda katolik cherkoviga yaqin turadi. Anglikan cherkovi 16 – asrning 30 – yillari ingliz qiroli Genrix VIII islohotlari natijasida vujudga keldi. Islohot cherkov yerlarini o’zlariga qaratib olishga intilgan yuqori tabaqa bilan yangi yer aristokratiyasining manfaatlarini yoqlashga qaratilgan edi. Islohotdan qirol hokimiyati manfaatdor bo’lib, asosiy maqsad Anglikan cherkovini Papa ta’siridan ajratish edi. Qirol 1534 yil o’zini ingliz cherkovining rahbari deb e’lon qildi, bir oz vaqt o’tgach, parlament roziligi bilan monastir yerlarini musodara qilib, yangi dvoryanlarga, qirol amaldorlariga va saroy ahllariga taqsimlab berib, bir qismini sotdi. Ammo episkop va cherkov yerlari musodara etilmadi, cherkov yirik yer egasi sifatida qolaverdi. Endi cherkovni qirol boshqaradigan bo’ldi, u episkopni ham, ruhoniylarni ham o’zi tayinlar edi. 17 – asr 40 – yillarida Angliya inqilobi davrida Anglikan cherkovi tugatilib, o’rniga kalvinist Presviterian cherkovi davlat cherkovi bo’lib qoldi. Bu ingliz burjuaziyasining manfaatlariga mos edi. Styuartlar 1660 y. hokimiyatni egallagach, Anglikan cherkovi qayta tashkil etildi. Angliyadagi Anglikan cherkovidan tashqari mustaqil Anglikan cherkovi Irlandiya, Uels, Shotlandiya, Kanada, AQSh, Avstraliya va boshqa ba’zi mamlakatlarda bor. Anglikan cherkovi a’zolarining umumiy soni 30 millionga yaqin.