ANGLIYA

ANGLIYA — Buyuk Britaniyaning ma’muriy-siyosiy qismi, uning tarixiy o’zagi. Buyuk Britaniya orolining Janubiy va o’rta hududida joylashgan. Germaniyada yashagan va 5 — 6 – asrlarda Yevropa qit’asidan orolga ko’chib borgan angllar qabilasidan Angliya nomi kelib chiqqan. Keng ma’noda ko’pincha Buyuk Britaniya va shimoliy Irlandiya Qo’shma qirolligini Angliya deb ataydilar. Maydoni 131 ming kilometr kvadrat, aholisi — 50 million kishiga yaqin (1999). Buyuk Britaniya butun maydonning 54% va aholisining 80% dan ko’prog’i. Angliya 39 graflik, 6 metropoliya grafligi va katta Londonga bo’linadi. Londonning alohida boshqaruv tizimi bor: uning 28 okrugidan har birida kengash mavjud. Londondagi ijroiya hokimiyatini lordmer amalga oshiradi. Angliya — iqtisodiy jihatdan Buyuk Britaniyaning eng rivojlangan bo’lagi. Mamlakatning an’anaviy sanoat tarmoqlari: konchilik (toshko’mir, temir ruda), kora metallurgiya, metallsozlik, kimyo, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati asosiy markazlari shu yerda joylashgan. Mashinasozlik (avtomobilsozlik, aviasozlik, stanoksozlik, asbobsozlik), elektr va radiotexnika, atom sanoati ham yaxshigina rivojlangan. Angliyada mamlakatning eng katta sanoat markazlari: London, Birmingem, Liverpul va boshqalar joylashgan. Buyuk Britaniya jami ekinzorlarining salkam 70% Angliyaga to’g’ri keladi. U sut chorvachiligi, sabzavotchilik va bog’dorchilikning asosiy maskani hamdir. Angliyada transport tarmog’i qalin, uning portlari (London, Liverpul, Sautxempton va boshqalar) orqali mamlakat yuk aylanmasining 80% dan ko’prog’i o’tadi.