ANHOR

ANHOR (Arab, nahr — Daryo so’zining ko’pligi) — katta kanal, ariq. Xorazm shevasidagi arna so’ziga to’g’ri keladi. Anhor atamasi ba’zan mustaqil atokli ot o’rnida ham ishlatiladi. Masalan, Toshkentdagi Anhor arig’i.

«ANHOR» — qahvaxona-choyxona. Toshkentdagi Anhor sohilida qurilgan, xalq me’morligi an’analarini o’zida aks ettirgan bino (1950, me’mor V. Dmitriyev). Dastlab bino simmetrik reja asosida to’g’ri to’rtburchak shaklda barpo etilgan. Ovqatlanish xonasi 75 o’rinli, to’rida choyxona, oshxona va yordamchi xonalar, suvga qaragan yon tomonida ayvon bo’lib, xo’jalik xonalari yer osti qismiga joylashtirilgan. Binoning old tarzi nisbatlar qonuni asosida hal etilib, peshtoq tepasida bezakli guldon, ikki tomonida antefikslar, 6 ustunli peshayvonning ikki chekkasida panjara bo’lib, o’ziga xos me’moriy ko’rinishga ega edi. Bino qayta qurish jarayonida (1979) qishlik (120 o’rinli) va yozlik (160 o’rinli) bo’limlarga ajratilib, oshxona va choyxona qismi qaytadan qurildi. Orqa tomoni 2 qavatli bo’lib, birinchi qavatida choyxona, oshxona, somsaxona va kabobxona joylashgan, ularning mo’risi minorasimon ishlangan. Yon qismiga (suv bo’yida) eni 5 metr, uzunligi 30 metrli 1 qavatli ayvon ishlandi. Qishlik zalning ichki tomonini «Meblomet» firmasi (Polsha) bezagan.