ANQARA JANGI
ANQARA JANGI – Amir Temur va Usmonli turk sultoni Boyazid I Yildirim qo’shinlari o’rtasida Anqara yonida bo’lib o’tgan ulkan jang (1402 yil 20 iyul). Unda Amir Temurning taxminan 200 ming, Turkiya sultonining 160 ming askari qatnashgan. Ushbu jangning sodir bo’lishiga asosan quyidagi omillar sabab bo’lgan: Iroq, Shom, Dashti Qipchoq, Xuroson, Hindiston, Jeta singari mamlakatlarni o’ziga itoat ettirishga muvaffaq bo’lgan Amir Temur o’z saltanatining Janubiy-g’arbiy hududlariga yaqin joylashgan Bolqon yarim oroli va kichik Osiyoda barpo etilgan qudratli Usmonlilar davlatining kuchayib ketayotganligidan xavotirda edi, chunki G’arbiy Yevropa ritsarlaridan tashkil topgan katta armiyani tor-mor etgan, Bolqon davlatlarini egallagan Usmoniy turklar Amir Temurga taalluqli viloyatlarga ham tahdid sola boshlagan edi. Tarixning guvohlik berishicha, Amir Temur o’z qo’shini bilan Sharqiy Anadolu sarhadlariga 1386 yil qadam qo’ygan va Arzinjon shahri yaqinida turklarning katta harbiy kuchlarini mag’lub etgan. 1395 yil Sohibqiron bu o’lkalarga ikkinchi bor yurish qiladi, Sivosni qo’lga kiritadi. Amir Temur Anqara jangiga qariyb ikki yildan ortiq tayyorlanadi: 1399 yil Rumga yuzlanadi va Boyazid tomonidan fath qilingan Kamoh qal’asini qamal qiladi. Kamoh fath etilgach, ko’p fursat o’tmay Amir Temur Anqarani qamal qiladi. Sohibqironning bu harakati aslida taktik tadbir bo’lib, tajribali sarkardaning asosiy maqsadi Boyazidni asosiy kuchlarini shahar mudofaasiga tashlashga majbur etib, so’ng unga qaqshatqich zarba berish edi. To’qat shahri yonida asosiy harbiy kuchlari bilan turgan Boyazid I Sohibqiron askarlarining Anqarani muhosara qilganligidan xabar topadi va qamaldagilarga ko’mak berishga oshiqadi. Amir Temur Anqara qamalini bekor qiladi va raqibini kutib olish taraddudini ko’radi. Qo’shin qismlarini janggohning (Chibukobod degan yerda) qulay yerlariga joylashtiradi. Lashkargoh atrofida xandaklar qazilib, xavfsizlik choralari ko’riladi. Natijada Boyazid I qo’shini o’zi uchun o’ta noqulay shart-sharoitda jangga kirishga majbur bo’ladi. Sulton qo’shini ayniqsa, suv tanqisligi tufayli vujudga kelgan tashnalikdan qattiq azob chekadi. Sohibqiron qo’shini o’zining an’anaviy jangovar tartibi — yasodda harakat qiladi. Qo’shinning qirq qismdan tashkil topgan markazi — qo’liga Amir Temur bevosita rahbarlik qiladi. So’l qo’l — juvang’arga Shohrux Mirzo va Xalil Sulton Mirzo, juvang’ar hiravuli — ilg’origa Sulton Husayn Mirzo, o’ng qo’l — barang’arga Mironshoh Mirzo, barang’ar hiravuliga Abu Bakr Mirzo yetakchilik qiladi. Markaz — qo’lning o’ng tarafida Umarshayx Mirzoning o’g’li Ahmad Mirzo, Toshtemir o’g’lon, Shohsuvor singari sarkardalar joylashadi. Qo’lning chap tomonidan Jalol Islom, tavakkal qarqara, Ali Muhammad kabi bahodirlar o’rin oladi. Qo’shinning saflari oldida 30 ta jangovar fil muhorabaga shay qilingan edi. Qarshi tarafda Boyazid I Rum va Farang mamlakatlaridan jamlangan cherikiga tartib berib, jangga hozir bo’lib turdi. Qo’shinning o’ng qanoti — barang’arda serb knyazi Stefan (Boyazid I ning qaynisi) 20 ming kishilik farangliklar bilan, chap qanoti — juvangarda esa musulmon (Sulaymon) Chalabiy (Boyazid I ning o’g’li) Rum lashkari bilan saf tortib turdi. Sulton Boyazid I ning o’zi qo’shin markazida qolib, uch o’g’li Muso, Iso va Mustafolarni chag’davul (qo’shin orti) ga qo’ydi. Jang Mironshoh Mirzo qo’l ostidagi barang’arning dushman juvang’ariga qilgan shiddatli hujumi bilan boshlandi. Boyazid I qismi Amir Jahonshoh va Amir qora Usmon rahbarligidagi Geydar tomonidan qilingan hujumga bardosh bera olmay jang maydonini tashlab qochadi. Boyazid I qo’shini saflarida paydo bo’lgan sarosimalikni payqagan Amir Temur barcha amirzodalar, umarolar, no’yonlarning birgalikda dushmanga hujum qilishlariga hukm qiladi. Shiddatli to’qnashuv uzoq va keskin davom etadi. Nihoyat, Sohibqiron kuchlarining qisuviga bardoshi qolmagan Sulton askarlari chekina boshlaydi. Boyazid I qo’mondonligidagi jangchilar so’nggi damgacha qarshilik ko’rsatadilar. Yanicharlar bitta qolmay qirib tashlangandan so’ng Boyazid I va uning ikkinchi o’g’li Musoni Amir Temur tomonidan 1388 yil Chig’atoy ulusi xonligiga ko’tarilgan Sulton Mahmudxon ibn Suyurg’atmishxon asir oladi. Sohibqiron Boyazid I qo’shinlarining qolgan-qutgan qismini ta’qib etib, Bursa, Izmirni egallaydi va marmar dengizi sohillariga chiqadi. Amir Temur tomonidan Boyazid I qo’shinining tor-mor etilishi Usmonli turk saltanatining ma’lum muddatga zaiflashishiga sabab bo’ldi. Konstantinopolning turklar tasarrufiga kirishini hamda ularning Markaziy va G’arbiy Yevropaga qilmoqchi bo’lgan yurishlarini birmuncha fursatga orqaga surdi. Ad.: Ibn Arabshoh, ajoyib al-maqdur Fi tarixi Taymur, T., 1992; Shomiy Nizomiddin, Zafarnoma, T., 1996; Dadaboev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996. Hamidulla Dadaboyev.