ANSAMBL
ANSAMBL (Fransuzcha ensemble — birlik, uyg’unlik, ohangdoshlik) — 1) me’morlikda — bir kenglik mujassamotiga ega bir-biriga mos binolar, inshootlar majmui; 2) musiqada — a) ma’lum musiqa asarlarining bir necha ijrochilar tomonidan birgalikda ijro etilishi; b) sozanda va ashulachilarning kichikroq to’dasiga mo’ljallangan musiqa asari. Opera, oratoriya va kantatalarda ham Ansambl bo’ladi. Ijrochilar soniga qarab Ansambllar duet (2 kishi), trio yoki terset (3 kishi), kvartet (4 kishi), kvintet (5 kishi), sekstet (6 kishi), septet (7 kishi), oktet (8 kishi), nonet (9 kishi), va hokazolarga bo’linadi; 3) teatr san’atida — dramaturg, rejissyor, rassom, kompozitor va aktyorlar ijodining uyg’unligi. Ansambl sahna asari g’oyasining mukammalroq ochilishiga xizmat qiladi va spektaklda uslub birligini yuzaga keltiradi. Ansambl yaratish uchun xar bir ijrochi boshqa ijrochilarning ham vazifalarini hisobga olishi, saxnada umumiy sur’at va ruhiyat mutanosibligini o’rnatishga harakat qilishi kerak. Ansambl ijoddosh aktyorlarning bir uyushmada uzoq vaqt ishlashi va bir ijodiy maqsad bilan yashashi tufayli tarkib topadi; 4) amaliy san’atda — tusi bir xil, bichimi bir-biriga monand bo’lgan kiyim-kechaklar majmui.