ANTALKID SULHI
ANTALKID SULHI, shohona sulh (miloddan avvalgi 386) — miloddan avvalgi 395-387 yillardagi Korinf urushidan so’ng Sarda shahrida Sparta bilan Afina va Fiva boshchiligidagi yunon polislari o’rtasida imzolangan. Sparta elchilari rahbari Antalkid nomidan olingan. Antalkid sulhi shartlarini amalda yunonlarga Eron davlati qo’ygan. Eron dastlab Spartaga qarshi, so’ngra Sparta bilan birga Afinaga qarshi urushgan. Eron tarkibiga kichik Osiyodagi yunon shaharlari, Kipr oroli va Klazomena qo’shib olingan, yunon polislariga muxtoriyat berilgan, faqat Lemnos, Imbros va Skirosgina Afina qo’l ostida qoldirilgan, barcha siyosiy ittifoqlar (Peloponnes ittifokidan boshqa) tarkatib yuborilgan. Antalkid sulhi Spartaning Yunonistondagi hukmronlik mavqeini oshirgan. Yunoniston yunon-fors urushlari (miloddan avvalgi 500-449) davrida erishgan yutuqlaridan mahrum bo’lgan, mamlakatda siyosiy tarqoqlik, o’zaro nizolar kuchaygan.