ANTARKTIDA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI

ANTARKTIDA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI — dunyo okeani zoogeografiya oblastlaridan biri, tinch va Atlantik okeanlarining Antarktida qit’asi atrofidan 60° Janubiy kenglikkacha bo’lgan qismini o’z ichiga oladi, faqat ayrim joylarda (masalan, Janubiy Amerikaning Tinch okeani qirg’oqlari bo’ylab) bu shartli chegaradan yuqoriroq ko’tariladi. Suv yuzasi harorati past, ko’pincha muz bilan qoplangan. Faqat sovuq va iliq oqimlar to’qnash keladigan subantarktida suvlarida fito – va zooplankton ko’payishi uchun juda qulay sharoit vujudga keladi. Shuning uchun Antarktida zoogeografiya oblastiga chegaradosh suvlarda kitsimonlarning ko’p turlari yashaydi. Mo’ylovdor kitlardan janub va pakana kitlar; quloqli tyulenlardan Yoldor tyulen, janub dengiz mushugi; haqiqiy tyulenlardan yirik tyulen — dengiz qoploni, Uedella va rossa tyuleni hamda nisbatan kichik, lekin ko’p sonli krabxo’r tyulen endemik turlar hisoblanadi. Antarktida zoogeografiya oblastida uchraydigan janub dengiz filining uzunligi 5,5 metr, og’irligi 2,5 tonnaga yetadi. Qushlardan pingvinlar ko’pchilikni tashkil etadi. Ular orasidan imperator va qirol pingvinlari, Adeli pingvini va boshqalar, gigant bo’ron qushi, kap kabutarchasi endemik hisoblanadi. Antarktida zoogeografiya oblastida albatroslarning bir necha turi yashaydi, dengiz sudralib yuruvchilari uchramaydi. Baliqlar va umurtqasizlarning turlari ko’p emas, lekin ulardan anchaus balig’i, qisqichbaqasimonlarning ayrim turlari va boshqa umurtqasizlar katta biomassa hosil qiladi. Antarktida zoogeografiya oblasti hayvonlari odam ta’siriga kam uchragan. Hozir Antarktida va uning sohillari yaqinida suvlar xalqaro qo’riqxona hisoblanadi. Ad..Kobishev N. M., Kubantsev B. S, Geografiya jivotnix s osnovami zoologii, M., 1988.