ANTRE

ANTRE (Fransuzcha entree — kirish, sahnagachiqish) — 1) Yevropada—o’rta asrlarda maxsus kiyingan qahramonlarning musiqa, ashula va raqs jo’rligida ziyofat yoki bal kechalariga raqsga tushib kirishi; mehmonlarning tantanavor yurib zalga chiqishi; 2) 17 — 18-asrlarda raqs va pantomima vositasida balet qismini namoyish qiluvchi bir yoki bir necha raqqos va raqqosalar guruhining chiqishi; 3) 19 — 20-asr baletida kengaytirilgan kirish qismi, raqqosa va raqqosning umumiy chiqishi. Bular maxsus intrada deb ataluvchi musiqa asarlariga zamin bo’lgan; 4) tsirkda ilgari: masxarabozlarning manejda paydo bo’lishi; hrzir: masxaraboz yoki qiziqchilarning so’zlashish yoki pantomima orqali bir-biriga tushuntirish sahnasi. O’zbek masxaraboz va qiziqchilari ijodida Antrega o’xshash tomoshalar mavjud: korfarmon bilan masxarabozlar dialogi («Qozi», «Sartarosh», «Shayton», «O’lik sotdi» va boshqalar). Zamonaviy o’zbek tsirkida A. Yusupov, G. Zastavnikov, P. Borovikov, Papsik (P. Ulyanov) va boshqalar ijodida Antre katta o’rin tutgan.