ANTVERPEN
ANTVERPEN — Belgiyaning shimoldagi shahar; Antverpen provintsiyasining ma’muriy markazi, kema qatnaydigan Shelda daryosi va Albert kanali bo’yida, shimoliy dengiz qirgog’idan 90 kilometr ichkarida. Dunyodagi eng katta portlardan biri (yuk oboroti 80 million tonnadan ziyod). Muhim savdo, moliya va sanoat markazi, aholisining soni jihatdan Bryusseldan keyin 2-o’rinda. Aholisi 468 ming kishi (1991, shahar atrofi bilan 920 ming kishi). 16-asr 2-yarmida ahamiyati jihatidan Yevropada 1-o’rindagi savdo va kredit markazi bo’lgan. Xo’jaligida tashqi savdo va moliya aloqalari katta rol o’ynaydi. Antverpen xalqaro dengiz, havo va temir yo’l aloqalari tuguni ichki suv yo’llari orqali Kampin ko’mir havzasi, Lej, Rent va Bryussel shaharlari bilan bog’langan. Rangli metallurgiya, mashinasozlik (jumladan, kemasozlik), harbiy, kimyo (mineral o’g’it, bo’yoq), oziq-ovqat, to’qimachilik (ayniqsa ipgazlama ishlab chiqarish), neftni qayta ishlash sanoati tarmoqlari rivojlangan. Olmosga sayqal berish va brilliant savdosining jahon markazi. Shaharda VII Olimpiada o’yinlari o’tgan (1920). Antverpen yaqinida GES ishlab turipti. Universitet, konservatoriya, muzeylar (jumladan, Qirollik nafis san’at muzeyi, 1810 yil). P. P. Rubens uy-muzeyi va boshqalar bor. Antverpen yilnomalarda dastlab 7-asrdan tilga olingan. 14 — 18-asrlar me’moriy yodgorliklari saqlangan.