AOMIN
AOMIN — Xitoy Janubi-sharqidagi maxsus ma’muriy rayon (1999 yil 20 dekabrdan) Janubiy Xitoy dengizi sohilida, Chjuszyan daryosi quyilish joyida. Aomin yarim oroli, Xantszidao, Szyuao va boshqa bir qancha mayda orollarni o’z ichiga oladi. Maydoni 18 kilometr kvadrat. Aholisi 430 ming kishi (1999) aksari qismi xitoylar va portug’allar. Dindorlari budda diniga e’tiqod qiladi, katoliklar ham bor. Ma’muriy markazi va porti — Aomin (342 ming kishi, 1991). 1557 yilda Portugaliya Aominni Xitoydan ijaraga olgan. 1680 yildan Portugaliya mulki, 1951 yildan Portugaliyaning «dengiz ortidagi provintsiyasi». Xitoy va Portugaliya hukumatlarining qo’shma bayonotiga muvofiq (1987) Aomin 1999 yildan boshlab Xitoy suvereniteti ostiga o’tdi. Iqtisodining asosini turizm bilan birga eksport uchun kiyim-kechak va boshqa to’qimachilik buyumlari, elektron qismlar, o’yinchoqlar ishlab chiqarish tashkil etadi. Aomin iqtisodi yana xalqaro moliya-savdo operatsiyalarida vositachilik qilishga ham asoslangan. Baliq ovlanadi. Dengiz kurortlari, qimorxonalar bor.