Apokrif nima?

Nasroniylik paydo bo’lganidan keyingi dastlabki asrlarda, turli tillarda (yunon, suryoniy, lotin) yangi din haqida hikoya qiluvchi kitoblar vujudga keldi. Turli mamlakatlarda tarqalgan nasroniy aziz-avliyolari bilan bog’langan ertaklar va afsonalar ko’pincha ana shu kitoblarga kiritilar edi. Nasroniylikning asosiy kitobi faqat Injil va havoriylarning asarlari deb belgilangach, qolgan barcha kitoblar va adabiy asarlar ta’qiqqa uchradi. Ularning nomi ham shundan kelib chiqqan — apokrifik, ya’ni yashirin, taqiqlangan. Rusda nasroniylik qabul qilinishi bilan apokrifik qissalar bu yerda ham paydo bo’ldi. Ularni «otrechyonnsh», ya’ni ruxsat berilmagan kitoblar deb atashgan. Rasmiy cherkov bunday kitoblarni hech qachon tan olmaganiga qaramay, apokriflar kitobga o’chlar tomonidan ham, savodli kishilar tomonidan ham o’qilar va ko’chirilar edi. Apokrif Injillar ular orasida markaziy o’rin tutadi. Ularda Iso Masih hayoti va a’mollari haqida ancha batafsil hikoya qilinadi. Binobarin, masalan, foma bayon etgan xushxabarda Iso Masih bolaligida juda o’yinqaroq bola bo’lganligi, boshqa bolalarga o’xshab qushlarga to’r qo’ygani, cho’milishni xush ko’rgani va shumtakaliklar qilib o’zini ko’rsatgani haqida naql qilinadi. Apokrif asarlar avomning kundalik turmushi haqida ko’plab ma’lumotlarga ega bo’lganligi bilan ham qiziqish uyg’otadi. Bundan tashqari, ularda bizgacha boshqa manbalar orqali yetib kelmagan ertaklar syujetlari ham saqlanib qolgan. Apokriflar tufayli biz shuningdek nasroniylik qay tarzda bora-bora asosiy dunyo dinlaridan biriga aylanib borganligini ko’zdan kechirishimiz mumkin.