APPARAT FUNKTSIYASI
APPARAT FUNKTSIYASI – o’lchov asbobining unda o’lchangan kattalikni o’lchanguncha bo’lgan haqiqiy qiymati bilan bog’lovchi xarakteristikasi. Ko’p hollarda spektrofotometrlarning Apparat funktsiyasini bilish talab qilinadi. O’lchov asbobining Apparat funktsiyasi nazariy yo’l bilan hisoblab topiladi. Masalan, spektrometrning Apparat funktsiyasi yoyuvchi element (prizma, difraktsion panjara), kollimator ko’zgusi, tirqishning optik parametrlari yordamida hisoblanadi. Spektrometrning Apparat funktsiyasi tajriba yo’li bilan ham aniqlanishi mumkin. Bunda spektrometr kirish tirqishi v chastotali monoxromatik nur bilan yoritiladi va spektrometrda chastota o’zgartirilganda shu chastota atrofidagi yorug’lik oqimi taqsimoti o’lchanadi, bu taqsimot asbobning Apparat funktsiyasiga mos keladi. Tasvir hosil qiluvchi optik asboblar (fotoapparat, teleskop, mikroskop va boshqalar) ning Apparat funktsiyasi asbob hosil qilayotgan cheksiz kichik nurlanuvchi nuqtaning tasviridagi yoritilganlik taqsimotini ko’rsatadi. Ideal optik asbob nuqtaviy yoritqich tasvirini nuqta shaklida hosil qiladi va uning Apparat funktsiyasi nuqtadan tashqarida nolga teng bo’ladi. Real optik asboblarda nuqtaviy yoritqich tasviri yorug’ dog’ shakliga ega bo’ladi va asbobning Apparat funktsiyasi nuqta atrofida nolga teng emas. Asbobning Apparat funktsiyasi uning ajrata olish qobiliyatini ham belgilaydi.