ARAB XALIFALIGI

ARAB XALIFALIGI (632 – 1258) -Arabiston yarim oroli, Yaqin va O’rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya, Markaziy Osiyo va Kavkazortini o’z ichiga olgan saltanat. 7 — 8-asrlarda tashkil topgan. Arab xalifaligi asoschisi payg’ambar Muhammad (as) ning eng yaqin safdoshi xalifa Abu Bakr – Arablar yuqorida zikr etilgan mamlakatlarni 633-715 yillar orasida bosib olganlar. Bu mamlakatlar asosan «Xulafo ar-roshidin» («To’g’ri yo’ldan boruvchi xalifalar») va umaviylar zamonida fath etildi. Lekin abbosiylar bu ulkan hududni butun saqlab qololmadilar. Ichki ixtiloflar ta’siri ostida Arab xalifaligi 8-asrning oxirlaridan boshlab mayda-mayda qismlarga parchalanib keta boshladi: 788 yil Mag’ribning g’arbiy qismida (hozirgi Marokash) Idrisiylar (788 — 985), uning Sharqiy qismida (hozirgi Tunis) ag’labiylar (800 — 909) hukmronligi o’rnatildi. Xuroson va Movarounnahrda esa 9-asrning 20-yillaridan boshlab mahalliy sulolalar: Tohiriylar (821 – 873), safforiylar (867 – 903) va Somoniylar (875 — 999) bosh ko’tarib chiqdilar. Ular Arab xalifaligiga nomigagina tobe bo’lib, aslida mustaqil hukmdor edilar. Arab xalifaligi 1258 yil mo’g’ullar tarafidan tugatildi.