ARAVON
ARAVON (arablar) — o’zbeklashgan Arab urug’laridan biri. O’rta Osiyo toponimikasida Aravon nomi saqlanib qolgan. Masalan, Qirg’iziston Respublikasining O’sh viloyatidagi tumanlardan biri ham Aravon deb ataladi.
ARAVON — shaharcha, Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyatining Aravon tumani ma’muriy markazi. Qadimgi qishloq o’rnida vujudga kelgan. Aravonsoy quyi oqimining har ikkala sohilida, tog’lar orasida joylashgan. O’sh shahridan 25 kilometr g’arbda, O’zbekistonning marhamat shahridan 14 kilometr narida. Aholisi 2,5 ming kishi (1977), aksari qismi o’zbeklar; shuningdek qirg’iz, rus, ukrain, turk, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi asosan qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish (dehqonchilik, bog’dorchilik va chorvachilik) bilan shug’ullanadi. Aravonda tuman hokimiyati binosi, pochta, univermag, 4 ta maktab, choyxonalar, klub va boshqalar bor. Aravon atrofida dam olish maskanlari barpo qilingan. Aravon da akademik H. M. Abdullayev tug’ilgan. U o’qigan maktab qoshida olim xotirasiga muzey tashkil etilgan, byusti o’rnatilgan, qishloqning eng katta ko’chasi H. M. Abdullayev nomiga qo’yilgan.