ARDABIL

ARDABIL (Ardubiyl) — Eronning shimoliy-sharqidagi shahar. Aholisi 290 ming kishi atrofida. Avtomobil yo’llari tuguni. Aeroport bor. Ardabilda qadimdan gilam to’qiladi. Shaharda Ozarbayjon me’morchiliginining 14-17-asrlarga oid noyob obidalari namunasi saqlangan. Ardabil yaqinida mineral buloqlar bor. Ardabilning qachon bunyod etilgani ma’lum emas. Shahar haqida dastlabki ma’lumot sosoniylarning so’nggi vakillari davriga mansub adabiyotlarda uchraydi. O’rta asrlarda, ayniqsa 9 — 10-asrlarda Ozarbayjonning yirik savdo — hunarmandchilik va madaniyat markazi edi; ayrim davrlarda kichikroq, mustaqil xonliklar poytaxti bo’lgan. 1220 yilda mo’g’ul bosqinchilari tomonidan vayron qilingan. 13-asr oxiriga kelib Ardabilda Safaviylar darveshlik tariqati vujudga kelgan. Safaviylarning Ardabil shayxligi Safaviylar davlatining vujudga kelishiga asos bo’ldi. Ardabilda mahobatli Shayx safi maqbarasi me’moriy majmuasi (16 — 17-asrlar) saqlangan: katta bog’ga (uzunligi 120 metr) peshtoqli darvoza (1648, ardabillik Ismoil tomonidan ishlangan) orqali kiriladi; kichik hovli, undan 8 burchakli masjidli (13-asr) katta hovliga o’tiladi va to’g’ri burchakli ziyoratgoh masjidi, unga tsilindrik gumbazli, uzluksiz naqshinkor Shayx safi maqbarasi va 8 burchakli Chinnixona binosi tutashib ketgan. Ad.: Salamzoda A. V., Arxitektura Azerbaydjana XVI – XIX vv., Baku, 1964.