AROBA TURO

AROBA TURO — turkiy xalqlarda harbiy istehkom turi. Arobaning «arava» ma’nosidan tashqari qo’shinlarni himoya qilish uchun O’rda atrofiga qaziladigan «xandaq» ma’nosi ham bo’lgan. Turo — «odam bo’yidek qalqon», yassi xoda va uzun temirlar jang kunlari bir-biri bilan zanjir, ilgaklar yordamida birlashtirilib qo’shinlar uchun istehkom (qal’a) vazifasini o’tagan. Qo’shinlar uning ortidan turib jang qilganlar. Qadimda turkiy xalqlar jang kunlari katta g’ildirakli, usti yopiq aravalar (soyabon arava) ni zanjir, ilgaklar bilan birlashtirishgan, ularni ortida joylashgan jangchilar kamon, o’t ochar qurollar bilan dushman hujumidan o’zlarini mudofaa etganlar. Aroba turo mudofaa yoxud hujum paytida qo’shin bilan birga yoki atrofida bo’lgan. Aroba turo qadimda va o’rta asrlarda Sharqning o’ziga xos dotlari vazifasini o’tagan. Bunday usulda jang qilish qadimdan (hunnular davridan) ma’lum bo’lib, gunnlar orqali 4-5-asrlarda Yevropaga tarqalgan va u yerda vagenburg (nemischa vagen-arava va burg — mudofaa), keyinchalik tabor mudofaasi atamasini olgan. Artilleriyaning vujudga kelishi bilan Aroba turo o’z ahamiyatini yo’qotgan.