ARTILLERIYA

ARTILLERIYA (Fransuzcha artillere — tayyorlamoq, shaylamoq) — 1) qo’shin turi; 2) qurollar turi; 3) artilleriya qurollari haqidagi fan. Dengiz, havo va quruqlikdagi Artilleriyaga bo’linadi. Dengiz Artilleriyasi o’z navbatida qirg’oq va kema Artilleriyasiga, havo Artilleriyasi ballistik va taktik xususiyatiga ko’ra zambarak, gaubitsa, tankka karshi minomyot, reaktiv va Zenit (havo) Artilleriyaga bo’linadi. Quruqlikdagi Artilleriya yer usti, Zenit va maxsus Artilleriyaga ajratiladi. Yer usti Artilleriyasi yerdagi kuchlarga qarshi jang qilish uchun, Zenit Artilleriyasi esa samolyotlarga va (ba’zan) yerdagi kuchlarga qarshi o’t ochish uchun ishlatiladi. Maxsus Artilleriya asosan reaktiv qurollarga qarshi qo’llaniladi. Artilleriya to’plarining kalibrlari 20 dan 400 millimetrgacha va undan katta, og’irligi bir necha kilogrammdan o’nlab va yuzlab t gacha bo’lishi mumkin. Ballistik xususiyatiga ko’ra Artilleriya qurollari nishonga to’g’ri otuvchi (pushka) va qiyalatib otuvchi tuplar (minomyot, gaubitsa va morgiralar) ga ajratiladi. Artilleriya fan sifatida Artilleriya qurollarining tuzilishi, ulardan foydalanish, ularni loyihalash, ishlab chiqarish, jangda ishlatish haqidagi ilmlarni o’z ichiga oladi. Artilleriya ko’p asrli tarixga ega. Qadim zamonda Xitoy, Yevropada tosh otadigan (irg’itadigan) mashinalar bo’lgan. Amir Temur qal’alarni zabt etishda tosh otadigan ana shunday mashinalar (palaxmonlar)dan, Bobur Hindistonni zabt etishda borund (porox) bilan ishlaydigan «to’fak» dan foydalangan. Otish uchun arablar poroxdan foydalana boshlashgach (14 – asr), Artilleriya davri boshlanadi. Dastlabki to’plar yog’och taglikka o’rnatilgan temir karnay shaklida bo’lib, o’q sifatida temir, tosh parchalari ishlatilgan. Keyinroq (15-asr) to’plar mis va jezdan quyila boshlandi. Artilleriya texnikasi mukammallashdi, faqat qamal va himoya uchungina emas, balki dala janglarida ham ishlatila boshlandi. Artilleriya piyoda askarlarga yordam beruvchi mustaqil qo’shin turiga aylandi. Tutunsiz poroxlarning qo’llanilishi, stvol va snaryadlarning uzaytirilishi, to’pning o’q otish vaqtida orqaga tepishiga chek qo’yish Artilleriya ga tez va uzoqqa otish imkonini berdi. O’t ochishga tayyorgarlik, nishonga to’g’rilash va o’q uzish jarayonlarining mexaniqlashtirilishi Artilleriya ning yuksak operativ-taktik tezkorligini ta’minladi. Artilleriyaning so’nggi taraqqiyoti reaktiv va atom Artilleriyasini yaratish va takomillashtirishdan iborat. O’zbekiston qurolli Kuchlarida ham Artilleriyaning ahamiyati katta.