ARZAMI
ARZAMI — xalq selektsiyasida yaratilgan ertapisharo’rik navi. O’rta Osiyo o’rik navlarining Zarafshon guruhiga kiradi. Daraxti kuchli o’sadi, keng shoxshabbali; bargi o’rtacha, to’q yashil, siyrak tukli. Guli oq, chetdan changlanadi. Mevasi yirik, dumaloq, yon tomoni chokli, och sariq, quyoshga qaragan tomoni qizg’ish, og’irligi 44 — 55 gramm, eti sershira (11 — 13% qand, 0,8% kislota), muloyim, eti danagidan yaxshi ajraladi, mag’zi shirin. Nam yetarli maydonlarda yaxshi hosil beradi, qisman sho’rlangan yerlarda ham o’sadi. Klyasterosporioz kasalligiga chidamli. Ko’chati ekilgandan keyin 5 — 6 yili hosilga kiradi, 8-yildan mo’l hosil beradi (20 — 25 tsentner/gektar). Martning oxirida gullaydi. Mevasi iyunning o’rtalarida pishadi. Mevasi ho’lligicha iste’mol etiladi, turshak va konserva qilinadi. O’zbekistonning adir va tog’ oldi zonalarida ekiladi.