ASAKA

ASAKA (1937 – 1991 yillarda Leninsk) — Andijon viloyatidagi shahar (1937 yildan). Asaka tumanining ma’muriy markazi. Andijon — Toshkent temir yo’ldagi Asaka stansiyasidan 4 kilometr. Marg’ilon, Farg’ona va Andijonga boradigan avtomobil yo’llari kesishgan joyda. Asakadan Andijon shahrigacha 16 kilometr. Shahar adirlar yoqalab oqayotgan Shahrixonsoy sohilida, dengiz sathidan 495 metr balandlikda joylashgan. Uning yon atrofini paxta dalalari, yon-bag’irlarini bog’lardan iborat adirlar o’rab turadi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26 gradus, yanvarniki — 2,9°. Viloyatning Andijondan keyingi yirik industrial shahri. Aholisi 52,8 ming kishi (2000). Shahar nomining kelib chiqishi haqida turli fikrlar bor. Ayrim tadqiqotchilar (professor T. Shirinov) «Asaka» nomini Farg’onada miloddan avvalgi 6-5-asrlarda yashagan sak kabilalari bilan bog’laydi. Chunki bu qabila ba’zi joylarda «assakenlar» nomi bilan ham yuritilgan. Ularda «asvaka» — ot, «assaka» — otliqlar ma’nosini bildirgan. Arxeolog B. Matboboyev yuqoridagi fikrni vodiyning Sharqiy qismida topilgan toshlardagi otlar tasviri bilan asoslashga harakat qilgan va shu joylarda nasldor otlar yetishtirilgan degan fikrni ilgari surgan. Toponomist olim S. Qorayev Asaka tumanidagi «Axtachi» qishlog’i nomi mo’g’ulcha bo’lib, ot tabibi (sinchi), otboqar degan ma’noni bildirishini ta’kidlab, yuqoridagi mulohazalarni birmuncha tasdiqlaydi. Shularga asoslanib Asaka shahrining 60 yilligi (1997) munosabati bilan katta yo’l yoqasidan shaharga kiraverishdagi maydonda tulpor otning ramziy haykalchasi qo’yildi. Asaka shahrining qadimgi davr tarixi bilan bog’liq arxeologik tadqiqotlar olib borilmagan. Umuman Asakaning qadimgi tarixi Farg’ona vodiysining Axsi, Quva, Andijon kabi qadimgi shaharlari atrofidagi qishloqlari tarixi bilan bevosita bog’liq. Asaka 19-asr tarixchisi Avaz Muhammad Attorning «Tarixi Jahonnoma» va «Tarixi Xo’qand» asarlarida tilga olingan. Uning yozishicha, Asaka shahri hududida Xudoyorxon qal’a qurdirgan va bu yerda xonning dala hovlisi ham bo’lgan. 18- asr oxirida qurilgan Shahrixonsoy kanali shaharning rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’ldi. 1899 yil Toshkent — Andijon temir yo’l qurilishi munosabati bilan Asakaga uzunligi 4 kilometrli temir yo’l shoxobchasi o’tkazildi. Shundan so’ng Asakada yevropalik, xususan rus va mahalliy boylar sanoat korxonalarini qura boshladilar. 20-asr boshlarida Asakada 2 ming kishi yashagan. Paxta tozalash va yog’ zavodlari bo’lgan. Aholining asosiy qismi mayda hunarmandchilik bilan shug’ullangan. 1946 yilda motor ta’mirlash zavodi qurib bitkazildi. Yog’-moy zavodida issiqlik elektr markazi ishga tushdi. Urushdan keyingi yillarda Asaka yaqinidagi Andijon va Polvontosh neft konlari, Xo’jaobod gaz koni munosabati bilan Asaka shahar sanoat korxonalari salmog’i ortdi. Yuqoridagi konlarni maxsus uskuna va texnika jihozlari bilan ta’minlovchi omborxonalar qurildi. Polvontosh — Asaka gaz quvuri yotqizildi (1947). 60-yildan shahar sanoati korxonalari qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslasha boshladi. 70 -90- yillarda to’qimachilik korxonasi (hozirgi «Asakato’qimachi» aktsiyadorlik jamiyati), paxta tozalash zavodlari, elektrotexnika, avtomobil tuzatish korxonalari qurildi. 1994 yil noyabrda «O’zDEUavto» qo’shma korxonasi inshootlari qurilishi boshlanib, korxona 2 yilda ishga tushirildi: 1996 yil 19 iyulda zavodning tantanali ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, DEU korporatsiyasining Prezidenti Kim U Jung janoblari tashrif buyurdilar. Korxonadan jahon bozori talablariga javob bera oladigan, yoqilg’ini kam sarflaydigan ixcham, chiroyli, qulay bo’lgan «Damas», «Tiko», «Neksiya» avtomobillari chiqarila boshladi. «O’zDEUavto» qo’shma korxonasining salmog’i Asaka shahri sanoat korxonalari mahsulotlarining 92,3% ga, Andijon viloyat sanoat korxonalari mahsulotlarining 55,2% ga to’g’ri keladi. Bundan tashqari shaharda «O’zDEUavto» qo’shma korxonasi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi «O’zDong-Vong» qo’shma korxonasi, «Anzis» zavodi, shuningdek Italiya bilan hamkorliqda makaron ishlab chiqaruvchi «FAM» qo’shma korxonasi bor. Asakada hammasi bo’lib 12 yirik sanoat korxonasi ishlaydi; 510 dan ziyod kichik va o’rta biznes bilan shug’ullanuvchi xususiy firma faoliyat ko’rsatadi (2000). Asaka sanoati rivojlanishi bilan birga har jihatdan qayta qurilmoqda: yangi ko’chalar ochilmoqda, yo’llar qurilmoqda. Xonobod—Asaka suv quvuri yotqizildi. Shaharda Toshkanboy Egamberdiyev nomidagi madaniyat va istirohat bog’i bor. Bog’ning eng to’rida Asakada yashab o’tgan avliyolardan Xoja Abdulloh tug’dor qabri o’rnida maqbara qurildi. Bu joy ziyoratgoh, muqaddas maskan hisoblanadi. Ziyoratgoh yaqinida Shahrixonsoyning bosh to’g’oni joylashgan. Shu yerdan Oxunboboyev soyiga, Asaka tashlamasi kanali va bir necha ariqlarga suv taqsimlanadi. Asakada 2000 yilda maishiy xizmat kasb-hunar kolleji qurilib ishga tushdi. 1999/2000 o’quv yilida 10 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziya, akademik litsey, kollejda 12 mingdan ortiq o’quvchi o’qidi; 22 bolalar bog’cha va yaslilari, 4 kasalxona, salomatlik markazi, poliklinika va ambulatoriya ishladi. Shaharda 2 kinoteatr, madaniyat uyi, 2 klub, 15 kutubxona, 3 stadion bor. 16 fuqarolar yig’ini tashkil etilgan (2000). Asaka — Andijon, Asaka — Farg’ona yo’nalishida avtobus qatnaydi. «Asaka oqshomi» shahar gazetasi chiqadi.