ASAKA AVTOMOBIL ZAVODI
ASAKA AVTOMOBIL ZAVODI, «O’zDEUavto» kompaniyasi — O’zbekiston avtomobil sanoatining yetakchi va to’ng’ich korxonasi. Zavodning ishga tushirilishi tufayli O’zbekiston jahonda o’z avtomobil sanoatiga ega bo’lgan 28 mamlakat qatoridan o’rin oldi. Asaka avtomobil zavodi Andijon viloyatining Asaka shahrida 1994-96 yillarda qurilgan. Avtomobil zavodi o’rta klassdagi dvigateli sig’imi 1500 santimetr kub bo’lgan «Neksiya», o’ta kichik klassdagi yonilg’i kam sarflovchi, dvigateli sig’imi 800 santimetr kub «Tiko» yengil avtomobillari hamda furgon tipidagi yetti o’rindiqli, dvigateli sig’imi 800 santimetr kub bo’lgan «Damas» miniavtobuslarni ishlab chiqaradi. Uning barcha uskuna va jihozlari Koreya, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya, Italiya mamlakatlarida ishlab chiqarilgan ilg’or avtomatika va texnologiyalardan iborat. «O’zDEUavto» kompaniyasi yopiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Muassislari: O’zbekiston Respublikasi hukumati nomidan «O’zavtosanoat» uyushmasi va Koreya Respublikasining «DEU» korporatsiyasi. Aktsiyalari hissasi 50% ga 50% bo’lib, investitsiyalarning umumiy hajmi 650 million AQSh dollariga teng. Kompaniyani tuzish to’g’risidagi Ta’sis shartnomasi 1992 yil 29 avgustda imzolangan, zavod qurilishi esa 1994 yil boshlarida boshlangan. «Damas» miniavtobuslari 1996 yil 25 martdan, «Tiko» 1996 yil iyun oyining o’rtalaridan, «Neksiya» avtomobili esa 1996 yil iyul oyining o’rtalardan ishlab chiqarila boshlandi. 1996 yil 19 iyulda zavodning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Qo’shma korxonaning umumiy maydoni hududi 55 gektar. Asosiy tsexlar yagona binoda joylashgan. Binoning umumiy maydoni 16 gektarni ishg’ol qiladi. Binoning tepa qismlarida ham avtomat boshqaruvidagi ulkan konveyrlar ishlab turadi. Avtomobil yaratishning dastlabki jarayoni asosan bosma (press) tsexidan boshlanadi. Janubiy Koreyadan keltirilgan metall o’rami (avtostal)dan shu tsexda avtomobil «bichiladi». Buni Yaponiyaning «Komaku» firmasining 500, 800, 1000 tonnali presslari bajaradi. Mashinalar konveyrlari payvandlash tsexiga o’tadi. Bu tsexda ishni asosan Shvetsiyadan keltirilgan robotlar bajaradi. Robotlarni bir necha ishchi kompyuter orqali boshqaradi. Mashinalar bo’yash tsexiga tushib, bo’yalib chiqadi, so’ng yig’uv tsexiga o’tadi. Bu tsexda mashina detallari joy-joyiga qo’yiladi. Tayyor bo’lgan avtomobillar sinalib, zavod eshigidan chiqariladi. Zavod kuniga 200 «Neksiya», 120 «Tiko», 60 «Damas» rusumli avtomashinalar ishlab chiqarishga mo’ljallangan. Korxonadan 2000 yil oktyabr oyiga qadar 216659 avtomobil, jumladan 103535 «Neksiya», 63322 «Tiko», 49802 «Damas» ishlab chiqarildi. 1999 yil 15 mingga yaqin avtomobil eksport qilindi. Korxonada 7000 dan ortiq kishi ishlaydi, shundan 3700 dan ziyodi bevosita ishlab chiqarishda band, 3400 dan ortig’i sotuv va avtoxizmat tizimlarida ishlaydi (2000). Toshkent shahrida avtomobillarni sotish va sotuvdan keyin xizmat ko’rsatish vakolatxonasi faoliyat ko’rsatadi. Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg, Tyumen, Novosibirsk, Minsk, Bishkek, Chimkent, Krasnodar kabi shaharlarda mintaqaviy vakolatxonalari va sho’ba korxonalari ochilgan.