ASAL

ASAL, bol — ishchi asalarilar o’simliklar gulidagi shira (nektar) ni organizmida qayta ishlash yo’li bilan hosil qiladigan shirin suyuqlik. Asalarilar Asalni uya kataklariga o’zlari uchun oziq qilib g’amlaydi. Asal o’z tarkibiga ko’ra nektardan farq qiladi. Asalda 80% dan ko’proq uglevodlar (glyukoza, fruktoza), 0,4% kul, 13 — 20% suv bo’ladi. Asalda inson uchun foydali moddalarning 70 dan ortiq turi bor. Shuningdek, Asalda mineral moddalar: kaltsiy, natriy, kaliy va boshqalar; mikroelementlar, organik kislotalardan olma, limon kislotalari, vitaminlar (V2, V6, RR, S, E, K) borligi aniqlangan. Tabiatdan olinish manbaiga ko’ra gul (nektar) Asal va shira (o’simlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) Asalga bo’linadi. Guldan olingan Asal ham o’simlik turiga qarab beda, yantoq, kungaboqar, g’o’za va boshqalarga ajraladi. Asal o’zining ta’mi, hidi, rangi jihatidan, shuningdek qaysi faslda qanday o’simlik gulidan yig’ilganligiga va joyi (tog’, o’rmon, vodiy) ga qarab ham farqlanadi. Eng yaxshi Asal — tog’ asali, chunki u turli dorivor gullardan yig’iladi. Oq akasiya, beda, olma, shaftoli va boshqa o’simliklar gulidan to’plangan Asal ham sifatli, oftob kam tushadigan o’rmon gullari va yetishgarishda turli zaharli dorilar sepiladigan texnika o’simliklari, masalan, FA, kanopdan olingan Asal ancha sifatsiz hisoblanadi. Asal mumkataklardan maxsus asal ajratkich moslamalar bilan ajratib olinadi. Asal qimmatli oziq-ovqat mahsuloti, uning 1 kilogrammda o’rtacha 3200 kaloriya energiya bor. Asaldan tibbiyotda qadimdan doridarmon sifatida foydalanilgan. Hozir farmatsevtika sanoatida turli doridarmonlar ishlab chiqariladi. Asalning o’zi turli kasalliklarga parhez va davo vositasi tarzida beriladi. 20-asrning 60-yillaridan boshlab tibbiyotda Asal bilan davolash usullari – apiterapiya shakllandi. Asal oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi.