ASQAD MUXTOR

ASQAD MUXTOR (taxallusi; Familiyasi Muxtorov, 1920.23.12, Farg’ona—1997.17.4, Toshkent) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O’rta Osiyo universitetining Filologiya fakultetini tugatgan (1942). Andijon pedagogika institutida kafedra mudiri (1942— 45). «Yosh leninchi», «Qizil O’zbekiston» gazetalarida mas’ul kotib, bo’lim mudiri (1945-48). O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi kotibi (1957-69, 1985-88), uyushma boshqaruvi raisining o’rinbosari (1965), «Sharq yulduzi» (1960-65), «Guliston» (1969-80) jurnallari, «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharriri (1981-82). Dastlabki dostoni— «Bizning avlodlar» (1939) Buxoro mehnatkashlarining o’tmish hayoti haqida. Adib ijodida o’zbek xalqining ma’naviy kamolotini ko’rsatish masalasi muhim o’rin egallagan. Bu niyatini u o’zbek ishchi sinfi hayotini tasvirlash orqali amalga oshirishga intiladi. Shu jihatdan «Po’lat quyuvchi» (1947) poemasi bilan «Daryolar tutashgan joyda» (1950), «Opa-singillar» (1954), «Tug’ilish» (1961) asarlari o’rtasida mushtaraklik bor. «Davr mening taqdirimda» (1964), «Chinor» (1969) romanlarida mehnat kishisining yuksak insoniy fazilatlari tasvirlangan. «Chinor» romani mazmun va shakliga ko’ra o’ziga xos asar bo’lib, unda o’zbek xalqi bosib o’tgan tarixiy yo’l, kishilar ruhiyati ifoda etiladi. Mehnat kishisi obrazi, uning yaratuvchilik faoliyati «Bo’ronlarda bordek halovat» (1976) qissasida yangi qirralari bilan aks etdi. «Amudaryo» (1986) romani Afg’onistondagi voqealar haqida hikoya qiladi. Adib qahramonlari fikrlovchi, mushohada yurituvchi, bahslashuvchi kishilardir. Bu hol uning lirikasi uchun ham xosdir. «99 miniatyura» (1962), «She’rlar» (1966), «Sirli nido» (1984) va boshqa kitoblariga kirgan nazmlari bilan o’zbek poeziyasining boy imkoniyatlarini namoyish qildi. Uning poetik ijodi hayotiy mazmunga to’la, ko’proq voqeaband, hajviyotga moyil. Ularda inson hayotining o’tkinchiligi va haqiqati haqidagi o’ylar, inson va tabiat munosabatlariga oid murakkab savdolar aks etgan. «Mardlik cho’qqisi» (1948), «Yaxshilikka-yaxshilik» (1949), «Chin yurakdan» (1956), «Dunyo bolalari» (1962), «Ildizlar», «Jar yoqasidagi chaqmoq» (1984), «Kumush tola» (1988) va boshqa asarlari bolalarga bag’ishlangan. «Tong bilan uchrashuv» (1987) pyesalar to’plami nashr etilgan. «Uyqu qochganda» (1997) kitobi hoz. hayot, ma’naviyat, madaniyat va ijod masalalariga bag’ishlangan. Sofokl, Shekspir, shuningdek jahon adabiyoti yirik namoyandalarining ayrim asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Asarlari bir qancha xorijiy tillarda bosilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1972). «Do’stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1995). Asos: asarlar, 4 jildli, T., 1980-83; Tong bilan uchrashuv, T., 1987. Ad.: Soyimov B., Asqad Muxtor prozasi, T., 1969; Karimov H., Asqad Muxtorning insonni tasvirlash san’ati, T., 1972