ASTATIK ROSTLAGICH

ASTATIK ROSTLAGICH – rostlash tizimiga tashki omil ta’sir qilganda ham rostlanuvchi miqdor qiymatini bir me’yorda tutib turadigan avtomatik qurilma. Buning uchun rostlash sxemasiga integrallovchi zveno kiritiladi. Masalan, suv sathini astatik rostlash qurilmasida suv qancha sarf bo’lishidan qat’i nazar, rostlanuvchi miqdor (suv sathi) faqat ma’lum qiymatdagina barqaror holatga keladi; bu holat rele o’rta kontaktining neytral vaziyatiga mos keladi. Astatik rostlagich quyidagicha ishlaydi: suv sarfi oshganda qalqovuch pastga tushib, yuqori kontaktni ulaydi, elektr dvigatel ishlay boshlaydi, zulfin ochiladi, suv kela boshlaydi. Suv sarfi kamayganda qalqovuch ko’tariladi va pastki kontaktni ulaydi. Elektr dvigatel ishlab, zulfinni berkitadi, suv kelishi to’xtaydi. Bu Astatik rostlagichni boshqa suyuqliklarga ham qo’llash mumkin.