Atir-upani kim o’ylab topgan?

Atir-upa ayolni yanada jozibaliroq ko’rsatish uchun hamisha zarur bo’lgan. Biroq har doim latofatning turli-tuman, ko’rkli qilguvchilari mavjud ediki, boisi turli zamonlarda, har xil mamlakatlarda upa-elik ham rang-barang bo’lgan. Binobarin Afrikadagi yovvoyi qabilalarning ayollari o’z qavmlari mezonlariga ko’ra o’zlariga oro berganlar, — masalan, ular terilari ostiga rang kiritib badanlariga naqshlar solishgan. Eskimos xonim esa terisiga moy va malhamlar surtgan. U atir-upaning eskimoscha usuliga ko’ra o’zini pardozdor hilgan. Qadimgi xalqlar orasida eng avvalo misrliklarning go’zallikni tushunishlari biznikiga o’xshabroq ketadi. Ular sog’lom va jilvalanib turgan sochdan zavqlanishgan. Ularning fikricha, lablar ravon shaklga ega bo’lishi, qosh va kipriklar esa ko’zga tashlanib turishi lozim bo’lgan. Ular sarvdek va go’zal qaddu-qomatga ham katta e’tibor berishgan. Shu bois ham misrlik xotin-qizlar hozirgidan birmuncha farqlanuvchi upa-elik va latofat sirlaridan foydalanishgan. Ularning kipriklar uchun mo’ljallangan yashil va qora bo’yoqlari bor edi. Ular bir kunda bir necha marotaba g’o’zalar va lab pomadasidan istifoda etishgan. Xonimlar yuzlari, lablari va ko’z qovoqlarini bo’yab turishgan. Xotin-qizlar kipriklarga qora tushni ularning yanada uzunroq ko’rinishi uchun qo’yganlar. Misrliklar pardoz-andoz vositalaridan keng istifoda etishgan. Ulardan ba’zilari 15 turgacha upa-elikdan bir vaqtning o’zida foydalanishgan. Misrlik xotin-qizlarda yonlarida kiyim ichida bekitilgan kichik idishchada atir olib yurish urf bo’lgan. Atir-upalardan foydalanganlar orasida qadimgi yunonlar misrliklardan biroz keyin keladilar. Ular faqat lab uchun bo’yoh ishlatibgina qolmasdan, sochlarning rangini ketkizadigan vositalarni ham ishlatishgan. Rimliklar Yunonistonni zabt etganlaridan keyin o’zlari bilan birga «atir-upachilar»ni olib qaytishdi. Ular soch bo’yash sirlarini, yuz uchun ishlatiladigan maxsus malhamlarni, badanga oziq beradigan kremlarni, tirnoqlar uchun ishlatiladigan loklar va boshqalarni obdon bilishardi. Sochni jingalak hilish odati shu qadar keng tarqaldiki, hatto navqiron yigitlar ham sochlarini jingalak qila boshladilar. Qadimgi rimlik ayollar, xuddi hozirgi zamonaviy ayollarning qimmatbaho go’zallik salonlarida qilayotganlaridek, terining silliq va toza bo’lishi uchun maxsus moydan niqob yasaganlar.