Atrof muhitni muhofaza qilish nima?

Butun dunyo bo’ylab kishilar atrof muhitni muhofaza qilishga bag’ishlangan kampaniyalar o’tkazishadi. Bu tushuncha nimani anglatadi o’zi? Atrof muhitni muhofaza qilish deganda ayrim odamlar eng avvalo yer yuzida ancha kam qolgan hali odamzot qo’li tegmagan yovvoyi tabiat go’shalarining daxlsizligini tushunadilar. Qolganlar esa o’simliklar va hayvonlarning rang-barang turlarini saqlab qolishni. Atrof muhit muhofazasi o’rmonlarni kesib yuborishdan himoya qilish yuzasidan sa’y-harakatlarni ham, va umuman, butun tabiat resurslaridan oqilona foydalanishni ham o’z ichiga oladi. Atrof muhit muhofazasi bizning zamonamizda hayotiy jihatdan o’ta muhimga aylandi, chunki aynan hozir bashariyatga qachonlardir ilgari mavjud bo’lganidan ko’ra ko’proq tabiat resurslari zarur bo’lib turibdi. Sayyoramizda kishilik miqdori ortib borgani va ularning turmush darajasi oshib borgani sayin odamlar tabiatning g’aznasiga qo’llarini chuqurroq suqaveradilar. Resurslarni sayyoraning o’zini ham, shuningdek insoniyat kelajagini saqlab qolish uchun ham «muhofaza qilish» zarur bo’ladi. Xo’sh, resurslar so’zining o’zi nimani anglatadi? Ularni uchta katta guruhga ajratish mumkin. Birinchisiga qayta tiklanadigan, masalan, suv, tuproq, o’rmon singari foydalanilayotganda maqbul munosabatda bo’lganda qayta tiklana oladigan ne’matlar kiradi. Tabiat muhofazasi deyilganida bunday paytda tuproqni eroziyadan (ya’ni yemirilishdan) saqlash, sug’orish va boshqa joiz amallar kiradi. Qayta tiklanmaydigan resurslar ikkinchi guruhni tarkib toptiradi. Bular asosan foydali qazilmalardir: ko’mir, neft, tabiiy gaz, ma’danlar. Ularning zamin bag’ridagi zaxiralari cheklangan va ko’paytirilishining iloji yo’q. Uchinchi guruhga bitmas-tuganmas, masalan, Quyosh energiyasi singari resurslar kiradi.