AUDIT
AUDIT (inglizcha audit — u eshitadi) — muayyan vakolatlar berilgan shaxslar — auditorlar (auditorlar firmalari) tomonidan xo’jalik yuritayotgan sub’ektlarning moliyaviy hisobotlari to’g’riligini, ular amalga oshirgan moliyaviy va xo’jalik operatsiyalarining mamlakat qonunlariga muvofiqligini tekshirish maqsadlarida o’tkaziladigan moliya hujjatlari ekspertizasi va tahlili; taftish. Uning ichki Audit va tashqi Audit turlari bor. Ichki Audit boshqaruvning korxona xo’jalik faoliyati to’g’risida axborot olish, menejerlar hisobotining haqqoniyligini tasdiqlash maqsadlarini ko’zlaydi. Tashqi Audit o’zaro mustaqil tomonlar (korxona va auditorlik firmasi) o’rtasida shartnoma asosida amalga oshiriladi. Auditda korxona moliyaviy hisobotining to’g’riligiga baho beriladi, uning amaldagi qonunchilikka mos kelishi tasdiqlanadi. Audit yo’nalishiga ko’ra umumiy Audit (korxonalar, birlashmalarning tashkiliy-huquqiy shakli hamda mulkchilik turlaridan qat’i nazar), bank Audit, sug’urta tashkilotlari Audit, investitsiya institutlari Audit va boshqalarga bo’linadi.