AVEZOV

AVEZOV Muxtor Umarxonovich (1897.28.9, Sharqiy Qozog’iston (sobiq Semipalatinsk) viloyati Abay tumani — 1961.27.6, Moskva) — qozoq yozuvchisi, olim. Qozog’iston Faakad. (1946), Filol. fanlari Doktori (1952), Qozog’istonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1957). Semipalatinskdagi madrasada hamda o’sha yerdagi 5 sinfli rus maktabida o’qigan, so’ng o’qituvchilar Seminariyasini tamomlagan (1917). Abay ovulida sahnalashtirilgan (1917) «Yenglik — Kebek» intermediyasi bilan qozoq dramaturgiyasiga asos soldi. To’ng’ich qozoq teatri (hozirgi Avezov nomida) — Qozog’iston davlat akademik drama teatri ham 1926 yil 13 yanvarda shu pyesani sahnalashtirib ochilgan. Avezovning dramatik asarlari qozoq dramaturgiyasining rivojlanishiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Avezov 20-yillarda Toshkentda yashadi va O’rta Osiyo davlat universiteti aspiranturasida o’qidi (1928). Mashhur o’zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy romanlaridan kuchli ilhomlandi. 1920-30 yillarda Toshkentdagi qozoq nashriyotida adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy «Cho’lpon» jurnali bilan bir necha adabiy to’plam nashr etilgan. Avezov 1922— 23 yillarda Toshkentdalik vaqtida «Kundoshlar» pyesasi, hikoyalari, «Asov tulporlar haqida» (1922), «Qozoq qalamkashlariga ochiq xat» (1922) maqolalari shu jurnalda bosildi. Avezovning «Abay», «Abay yo’li» epopeyasi qozoq xalqi hayotiga bag’ishlangan bo’lib, u o’z davrida yuksak bahoga sazovor bo’ldi. Asarda qozoq xalqining 19 – asrdagi og’ir, ziddiyatlarga to’la hayoti badiiy aks ettirilgan. O’sha davrdagi qozoq dashtini qamrab olgan nodonlik va johillik to’siqlarini enggan Abayning o’z xalqi asl farzandi, mutafakkir, insonparvar shoir darajasiga ko’tarila olishi asarda mohirlik bilan tasvirlangan. «Abay yo’li»ni Zumrad (Orifjonova) 1950-60 yillarda o’zbek tiliga tarjima qilgan. U boshqa xalqlar tillariga ham tarjima qilindi. Janubiy Qozog’iston chorvadorlari hayotiga bag’ishlangan «Ravnaq» romani vafotidan so’ng bosilib chiqdi (1962). 20 – yillarda qozoq cho’llarida yuz bergan ocharchilik va boshqa dahshatli voqealar aks ettirilgan «Og’ir sinov» romani ham vafotidan so’ng nashr etildi. Avezov ijodiy, ilmiy ishlar bilan birga, 30 yildan ortiq (1928-61) Olmaota pedagogika instituti, Qozog’iston va Moskva davlat universitetlarida pedagoglik faoliyatini qo’shib olib bordi. Avezov umrining ko’p yillarini sho’ro mafkurachilarining og’ir tazyiqi va ta’qibi ostida o’tkazishga majbur bo’ldi. Avezov turkiy xalqlar adabiyoti tarixini teran tadqiq etuvchi ko’plab maqolalar yaratdi. Uzoq yillar davomida turkiy xalqlar og’zaki ijodi namunalarini, xususan xalq dostonlarini keng targ’ib qildi. «Er Targ’in», «Alpomish», «Manas» dostonlarini tadqiq etdi.