AVEZOVA

AVEZOVA Sapargul (1927.7.7, Xalqobod) — Qoraqalpog’iston (1957) va O’zbekiston (1967) xalq artisti. 1945 yidan Qoraqalpoq davlat musiqali drama va komediya teatrida aktrisa. Asosiy rollari: Komila Shokirovna («Birinchi muhabbat»), Parshagul («Suymaganga suykanma»), Xadicha («Sarvqomat dilbarim»), Erita («Gerostatning nomi o’chsin»), Xumor («Berdaq»), Qorasoch («Shubha»), Jannat xola («Qaynona»), Tangabika («Oy tutilgan tunda»), Farmonbibi («Kelinlar qo’zg’oloni»), Xumor ona («Ernazar Olako’z») va boshqalar. Avezova ijodining qamrovi keng, maishiy dramatik, o’tkir xarakterli komediya janridagi rollarni me’yoriga yetkazib ijro qiladi. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti laureati (1980).